So‘qoq o‘rmonlariga press-tur uyushtirildi
22 aprel – Xalqaro yer kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan bir guruh jurnalistlar uchun Parkent tumanidagi Saksonota o‘rmon xo‘jaligi So‘qoq bo‘limiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida mazkur hududning yana bir takrorlanmas go‘shasini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik. So‘qoq so‘qmoqlaridan yurib borar ekansiz, yovvoyi tog‘olcha, na’matak, do‘lana va mayda yong‘oq, ituzum butalari, yovvoyi olma kabi biz tanigan va tanimagan daraxtlar va o‘simliklarga duch kelasiz. Haqiqiy tabiatning manzaralaridan zavq olasiz.
Ma’lumki, atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish, shuningdek, sayyorani saqlab qolish har bir insonning burchi va majburiyati. Bu Bosh qomusimizda ham mustahkamlangan. Insonlarning burch va majburiyatlari haqida eslatish uchun ushbu bayramni nishonlash taklif etilgan.

So‘qoq o‘rmon bo‘limi hududida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ko‘magi bilan “Siberian Wellness” kompaniyasi 3 gektar maydonda 5 ming dona eman va ignabargli daraxt va buta ko‘chatlarini ekish aksiyasini o‘tkazdi. Unda kompaniyaning xorijiy va hududiy vakillari hamda ko‘ngillilar ishtirok etdi.
– Bizning vazifamiz sayyoramiz tabiati muvozanatini tiklashga yordam berish va nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, balki butun dunyo bo‘ylab o‘rmon maydonlarining ko‘payishiga hissa qo‘shishdan iboratdir, — dedi kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Shuhrat Toshpo‘latov. – Bu yerda aynan ekoturizm va tabiiy turizmning imkoniyati keng.
“Siberian Wellness” kompaniyasi xayriya ishlarida faol ishtirok etadi. 2011 yildan «World Around You» loyihasi yaratildi. Bu o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash va himoya qilish dasturlarida ishtirok etish uchun haqiqiy imkoniyat bo‘ldi.
O‘rmonzor maydonlarining kengayishi, o‘rmon xo‘jaliklarining rivojlanishi respublikamizda ekologik holatning yaxshilanishiga olib keladi. Insonlar sog‘lom va farovon yashashi uchun imkoniyat yaratadi. Ekoturizm rivojlanadi, suv va yer ekotizimlari saqlanadi. Iqlimiy o‘zgarishlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida bir qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, respublika hududlarida o‘rmon barpo qilish borasida faol ish olib borilmoqda.
Chotqol tog‘ o‘rmon melioratsiyasi tajriba stansiyasi tomonidan asosan eroziyaga uchragan yerlarni o‘zlashtirish, lalmi yerlarda intensiv bog‘lar tashkil etish, sel oqimlariga qarshi madaniy o‘rmonzorlar barpo etishning intensiv texnologiyalarini ishlab chiqish, tog‘ sharoitiga mos o‘rmon o‘simligining yangi navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilgan. Natijada o‘rmon amaliyoti uchun 10 dan ortiq yangi innovatsion texnologiyalar joriy etilgan.
Shular qatorida eng e’tiborli va istiqbolli ilmiy-ishlanmalardan biri bu – G‘arbiy Tyan-Shan tog‘ tizmasining qurg‘oqchil yerlarida yopiq ildiz tizimli ko‘chatlar yordamida madaniy o‘rmonzorlar barpo etishning innovatsion texnologiyasi hisoblanadi. Ushbu texnologiyani qo‘llash orqali respublikamizning suv tanqis bo‘lgan tog‘ qiyaliklarida o‘rmon ko‘chatlarining ko‘karuvchanligi 75-85 foizgacha oshirilishiga erishilgan. O‘rmon barpo etishga ketadigan sarf-xarajatlar miqdori 2-2,5 barobargacha qisqartirilgan.
Shuningdek, past tekisliklarda qrim qarag‘ayi o‘rmonlarini barpo etishda 20 dan ortiq Qrim va oddiy qarag‘ay daraxtlarning istiqbolli nav va shakllari yaratilib, kolleksion urug‘chilik maydonlari tashkil etilgan.
Ma’lumki, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti Prezidentimizning 2017 yil 11 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida qayta tashkil etildi. Shu davr mobaynida institut va filial olimlari tomonidan 13 yo‘nalishda umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mlik yangi 14 ta ilmiy loyiha amalga oshirildi. Amaliyotga 15 ta amaliy, 4 ta innovatsion loyiha joriy etildi. Ushbu loyihalar doirasida ilk bora seleksiya usulida xandon pistaning 13 ta yangi navi yaratilib, patent guvohnomasi olindi. 80 dan ortiq duragay navlari Germaniya, Turkiya, Italiya va Fransiya davlatlaridan olib kelinib, Dehqonobod, Pop, Kitob, Sirdaryo, Darxon o‘rmon xo‘jaliklarida 500 gektar maydonda onalik plantatsiyalari barpo etildi. Cho‘l hududlarini o‘rmonlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalar asosida Orol dengizining qurigan tubida jami 1,2 million gektar maydonda yangi himoya o‘rmonlari barpo etildi.

10 dan oshiq noyob manzarali va tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlari Pavlovniyaning “Tomentoza” “Shanktong” navlari, qayrag‘och, lola, magnoliya “in-vitro” laboratoriyasida intensiv usullarda yetishtirish yo‘lga quyildi. Natijada, o‘rmon xo‘jaliklariga 1 million donadan ko‘chatlar yetkazib berildi. Grek yong‘og‘ining 10 dan ortiq yangi serhosil shakllari tanlab olindi.
Press-tur davomida jurnalistlar So‘qoq o‘rmon bo‘limi hududi bo‘ylab sayohat qildi. Keyingi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, o‘rmonzor barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA