Somoniylar davlatini o‘ttiz yil boshqargan hukmdor
Vatanimiz tarixidagi 6 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
943 yil (bundan 1078 yil oldin) – Somoniylar davlati hukmdori Nasr ibn Ahmad o‘pka xastaligi tufayli 13 oylik betoblikdan so‘ng vafot etdi. Boshqa bir xabarlarga ko‘ra, Nasr ham otasi kabi qullar tomonidan o‘ldiriladi. Uning vafoti sanasi borasida manbalarda turlicha ma’lumotlar uchraydi. Tarixchi Abu Sa’d Sam’oniyning “Kitob al-ansob” asarida Nasrning 943 yil 6 aprelda vafot etgani ko‘rsatiladi.
Tarixchi Narshaxiy bu sanani aprelning o‘rtalarida, 943 yilda sodir bo‘lgan deb beradi. Tarixchi Ibn al-Asir Nasrni 943 yilning mart-aprel oyida, o‘lgan deb hisoblaydi. Tarixchi Poyon Ravshanovning yozishicha, akademik Vasiliy Bartold bu muarrixlar ma’lumoti orasida Sam’oniy ko‘rsatgan 943 yil 6 aprel sanasini eng to‘g‘risi, deb yozadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Nasr ibn Ahmad sakkiz yoshida taxtga o‘tirgan. U davlatni qariyb o‘ttiz yil davomida boshqargan. Bu davrda somoniylar sulolasi ichida taxt uchun kurashlar kuchaygan. Nasr ibn Ahmad tirikligi paytida taxtni o‘g‘li Nuhga topshirgan.
1404 yil (bundan 617 yil oldin) – Amir Temur o‘zi egallagan hududlarning bir qismini yigirma bir yoshli nabirasi amirzoda Umarga topshirdi. Bu haqda tarixchi Xondamir quyidagicha qayd etadi: “...muzaffar Sohibqiron Ardabil atrofida Iroqi Ajam, Ozarbayjon, Arron, Mug‘on, Gurjiston, Armaniya va ularga taallukdi yerlarni amirzoda Umar ibn Mironshoh Mirzoga topshirdi va humoyun qizil tamg‘asi bilan muhrlangan jahon yorlig‘ini shahzodaga in’om kilib, oliy farmon bilan Fors va Iroqayn hokimlari amirzoda Umarning chaqirig‘iga tayyor bo‘lib turishini, ulug‘ amirlardan Amir Jahonshox, Joku, Amir Rustam, Amir Muso, Amir To‘kal Yodgor Barlos va Junayd Buruldayni uning xizmatiga tayinladi”.
1918 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston hukumatining qarori bilan vaqtinchalik kredit chiptalari muomalaga kiritildi. Ular norasmiy “turkbon” nomini oldi. Ushbu qarorda quyidagilar ta’kidlangan edi: “Davlat bankining Toshkent bo‘limi tomonidan chiqarilayotgan ketma-ketlik tartibidagi 50, 25, 10, 5, 3, 1 rubl qiymatiga ega vaqtinchalik pul nishonlari Turkiston o‘lkasining beshta viloyati hududida erkin harakatga ega, davlat kredit chiptalari qatori davlat va jamoa muassasalari, shuningdek, xususiy firma va shaxslar tomonidan qabul va to‘lov qilinishi majburiydir”.
Tarixchi R.To‘xtayevaning qayd etishicha, Turkiston respublikasi tarixida “turkbon”larning chiqarilishi muhim voqea bo‘lib, iqtisodiy hayotni qisman izga tushirishga yordam berdi va o‘lka xalq xo‘jaligining pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojini imkon qadar qondirdi. Turkiston bozorlarida bu davrda xilma-xil pul birliklari qo‘llanilgan bo‘lsada, ammo “turkbon” pullari davlat bankining Toshkent bo‘limi tomonidan chiqarilgan mahalliy pul birligi sifatida ahamiyatli bo‘ldi. 1921 yilda “turkbon”lar muomaladan chiqarildi.
1995 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurish qoidalarini hamda orden va medallar lentalarining tavsifini tasdiqlash haqida”gi farmoni qabul qilindi.
2016 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Islom hamkorlik tashkiloti Ustavini (Dakar, 2008 yil 14 mart) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi