Somondan yaralgan san’at
Surxondaryolik Sabina Qayumova xalq amaliy san’atining somon applikatsiyasi turi bilan shug‘ullanadi.
Surxondaryolik Sabina Qayumova xalq amaliy san’atining somon applikatsiyasi turi bilan shug‘ullanadi.
Somon applikatsiyasi XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asr boshlarida ko‘pgina mamlakatlarda amaliy-dekorativ san’at turi sifatida mashhur bo‘lgan. Undan saroylarning ichki qismini bezashda foydalanilgan. Somon naqshlari bilan bezatilgan mebel, quticha, tamakidonlar badavlat kishilarning mulki bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda somon applikatsiyasi inson dunyoqarashi bilan hamohang tarzda yangi mavzu va texnikalar bilan boyitilmoqda.
Sabina Qayumova Termiz davlat universitetida o‘qib yurgan kezlari qiziqishi sabab ustozi Sobit Qahhorovdan somon san’ati sirlarini qunt bilan o‘rgandi. “Yurt kelajagi”, “Yangi asr iste’dodlari”, “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” singari ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Joriy yilda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida o‘z ijod namunalari bilan san’at ixlosmandlari e’tiborini qozondi.
Ayni paytda Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazida to‘garak rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan hunarmand somondan betakror san’at asarlari yaratish sirlarini qo‘shni davlat yoshlariga ham o‘rgatmoqda.