Soliqchilar ko‘magida tadbirkorlar faoliyati kengaymoqda
Buxoro shahridagi «Delta Rumino» korxonasining samarali faoliyat yuritishida davlat soliq xizmati xodimlarining ham munosib hissasi bor.
Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasidan «Soliqchi-ko‘makchi» dasturi doirasida biriktirilgan mas’ul xodimlar korxonaning barqaror rivojlanishi, uning dastlabki buxgalteriyasini yuritish, ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘g‘ri hisobga olishga ko‘maklashmoqda. Korxona o‘z faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, bu yerda «Delta Rumino» belgisi ostida ayollar va erkaklar uchun ishlab chiqarilayotgan jinsi shimlarga ichki hamda tashqi bozorda talab ortib bormoqda.

Korxonaga 2021 yilda xarid qilgan tovarlar bo‘yicha hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 200 million so‘mi qaytarib berildi. Natijada korxona ushbu mablag‘ hisobiga ishlab chiqarish sexi uchun yangi uskunalar xarid qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, korxonada yana o‘nlab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirgi kunda korxonada 160 nafar ishchi xodimlar mehnat qilmoqda. Korxonaga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar bilan hamkorlik qilish, iqtisodiy jihatdan har tomonlama samarali bo‘lmoqda.

Buxoro viloyati davlat soliq boshqaramasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari joriy yilning yanvar oyida «Soliqchi-ko‘makchi» tamoyili asosida jami 630 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektining turli muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak bergan. Shundan, dastlabki buxgalteriyasini yuritish bo‘yicha 111 ta korxonaga, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish borasida 36 ta korxonaga hamda 14 ta korxonaga 5 milliard 801 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishiga ko‘maklashilgan.


Zarif Komilov, O‘zA