Soliq tizimidagi o‘zgarish va yangiliklar
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasida videokonfrens aloqa orqali o‘tkazilgan seminarda tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, hisobchilar, fermer xo‘jaligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Abdiyev hamda mas’ul xodimlari O.Fayziyev, Sh.Saidov 2022 yildan soliq siyosatiga kiritilgan yangiliklar yuzasidan ma’lumot berdi.
Prezident qarori bilan soliq to‘lovchilarga bir qator huquq va yengilliklar taqdim etildi. Asosiy vositalarga investitsiyalar kiritilishini rag‘batlantirish maqsadida, foyda solig‘i bazasidan chegiriladigan ayrim xarajatlar miqdori oshirildi. Jumladan: amortizatsiya ajratmalari normalari – o‘rtacha 2 barobarga, xususan binolar uchun 3 foizdan 5 foizga, inshootlar – 5 foizdan 10 foizga, quvurlar, elektr uzatish liniyalari va telekommunikatsiyalar – 8 foizdan 15 foizga, mashinalar va asbob-uskunalar – 15 foizdan 20 foizga, kompyuter va periferiya uskunalari – 20 foizdan 40 foizga oshirilmoqda.
Natijada, korxonada mablag‘ni foyda solig‘i bazasidan chegirish imkoniyati yaratiladi va ularning ixtiyorida qo‘shimcha mablag‘ qoladi. Bir martalik investitsiyaviy chegirma miqdori – 2 barobarga, xususan yangi texnologik uskunalar uchun 10 foizdan 20 foizga, ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha yangi qurilish – 5 foizdan 10 foizga oshirilmoqda. 2022 yilda asosiy vositalarni sotib olgan korxonalarning foyda solig‘i bazasiga investitsiyaviy chegirma qo‘llanilishi natijasida ular ixtiyorida qo‘shimcha mablag‘ qoladi. Faoliyat natijasida ko‘rilgan va kelgusi davrga o‘tkaziladigan zararlarning cheklangan miqdori joriy soliq davri soliq bazasining 60 foizidan 100 foizigacha oshirilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlarga teng shart-sharoitlar yaratish maqsadida respublikada doimiy muassasa orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar tomonidan foyda solig‘i bilan birga sof foydadan dividend solig‘i (10 foiz) to‘lash tartibi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlarga ular umumiy maydoni 1000 kv metrdan (10 sotixdan) ortiq bo‘lgan yer uchastkalariga va (yoki) bino (inshoot)larga mulk huquqini qo‘lga kiritganda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha to‘lovlarni olti oyga kechiktirish huquqi berilmoqda. Soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinmoqda. Avtotransport vositalari sotib olinganda ularning qiymatiga nisbatan 3 foiz miqdorida hamda dvigatel quvvatiga qarab bazaviy hisoblash miqdorlarida yig‘imlar undirish tartibi bekor qilinmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagilarga yo‘naltirgan mablag‘lar daromad solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.
–oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tijorat banklaridan olingan ta’lim kreditlarini (foizlari bilan) qoplashga;
– yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni 15 million so‘mgacha miqdorda qoplashga;
– xalqaro uyushmaga a’zolik badallari hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiriladigan mablag‘lar daromad solig‘idan ozod qilinmoqda. Bunda, mazkur soliq imtiyozlari bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobarigacha bo‘lgan summaga qo‘llaniladi.
Shuningdek, talabalarga uy-joylarni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar ijaradan olingan daromadi bo‘yicha, 23 yoshgacha bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan berilgan uy-joy jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘idan ozod etilmoqda.
Uchrashuvda, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yangi joriy etilgan renta solig‘i va boshqa soliq turlari bo‘yicha alohida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuhrat SUYAROV, F.Toshmatov (suratlar), O‘zA