Soliq qonunchiligidagi yangiliklar muhokama qilindi
Soliq qonunchiligidagi har bir yangilik nafaqat tadbirkorlik sub’ektlari, balki sud amaliyoti uchun ham yangi vazifalarni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, soliq nizolarini ko‘rib chiqishda qonunchilikdagi o‘zgarishlarni to‘g‘ri talqin qilish va bir xilda qo‘llash huquqiy aniqlik hamda adolatli qarorlar qabul qilishning muhim shartidir.
Shu maqsadda Toshkent viloyati sudlari binosida soliqqa oid nizolar hamda soliq qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarning sud amaliyotidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati sudi va Toshkent viloyati ma’muriy sudi raislari, barcha sudlov hay’atlari sudyalari, sud apparati xodimlari, shuningdek, Soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, soliq maslahatchisi Irodaxon Abbosxonova ishtirok etdi.

Dastlab qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tizimidagi yangiliklar, soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi, kichik biznes sub’ektlariga berilgan yengilliklar, moliyaviy jarimalarni qo‘llash va to‘lash bilan bog‘liq yangi normalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, QQSga o‘tish chegarasining oshirilgani, ayrim sub’ektlar uchun 6 foizli soddalashtirilgan QQS rejimi joriy etilgani, shuningdek, kichik biznes sub’ektlariga nisbatan ayrim istisnolardan tashqari uch yillik moratoriy belgilanganiga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, mazkur o‘zgartirishlar tadbirkorlik sub’ektlarining ma’muriy yukini kamaytirish, soliq nazoratini yanada shaffof va samarali tashkil etish, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda soliqqa oid nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida yangi huquqiy normalarni sud amaliyotida bir xil qo‘llash, soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqishda yagona yondashuvni shakllantirish va qonunchilikdagi yangiliklarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga mavzu doirasida batafsil javoblar oldi.
A.Musayev,O‘zA