Soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari soni 955 tani tashkil etmoqda
Mamlakat iqtisodiyotida ishlab chiqarish tarmog‘i muhim o‘rin tutadi. Sanoat korxonalarining barqaror ishlashi nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki davlat byudjeti tushumlarini ta’minlashda ham asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu bois, bugun ishlab chiqarish korxonalarida soliq qarzdorligining ortishi iqtisodiy tahlilchilar va mutasaddilar diqqat markazida turibdi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari soni 955 tani tashkil etgan. Ularning jami soliq qarzi 1,5 trillion so‘mga yetgani ayrim sohalarda moliyaviy intizom bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
E’tiborlisi, umumiy qarzdorlikning 562,2 milliard so‘mi yoki 37,8 foizi soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa qarzdorlik asosan yirik ishlab chiqarish sub’ektlari hisobiga shakllanayotganini anglatadi.

Tahlillarga ko‘ra, ishlab chiqarish korxonalari soliq qarzdorligi bo‘yicha yetakchi hududlar quyidagilardan iborat. Farg‘ona viloyati — 328,3 milliard so‘mni, Toshkent viloyati 295 milliard so‘mni, Andijon viloyati 191,9 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mazkur hududlarda sanoat korxonalari sonining ko‘pligi, ishlab chiqarish hajmining yuqoriligi va ayrim korxonalarning moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgani qarzdorlik ko‘rsatkichlariga ta’sir qilmoqda. Ayrim holatlarda mahsulot sotuvining pasayishi, aylanma mablag‘lar tanqisligi va tashqi bozordagi o‘zgarishlar ham korxonalarning soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishiga to‘sqinlik qilmoqda.
So‘nggi yillarda soliq tizimida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari moliyaviy shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Elektron hisobotlar, onlayn nazorat-kassa mashinalari va avtomatlashtirilgan tahlil tizimlari orqali soliq organlari qarzdorliklarni aniqlash imkoniyatini kengaytirdi.
Natijada avval yashirin qolib kelgan ayrim moliyaviy muammolar ham ochiq ko‘rina boshladi. Bu esa soliq tushumlarini nazorat qilish samaradorligini oshirish bilan birga, korxonalarni qonuniy va shaffof faoliyat yuritishga undamoqda.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, raqamlashtirish nafaqat nazorat vositasi, balki tadbirkorlar uchun qulaylik yaratuvchi mexanizm hamdir. Elektron xizmatlar orqali hisobot topshirish, to‘lovlarni amalga oshirish va qarzdorlikni onlayn kuzatish imkoniyatlari vaqt va ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirmoqda.
Shuningdek, soliq qarzdorligini kamaytirish uchun faqat jazo choralarini kuchaytirish yetarli emas. Eng avvalo, ishlab chiqarish korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash muhim.
Buning uchun, korxonalar bilan individual ishlash tizimini kuchaytirish, eksportchi va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli moliyaviy mexanizmlarni kengaytirish, raqamli soliq xizmatlarini yanada soddalashtirish zarur. Shuningdek, soliq intizomini ta’minlashda tadbirkorlarning huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA