Soliq kodeksiga qanday o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi?
Termizda O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Korxonalar rahbarlari, tadbirkorlar, soha mutaxassislari, hisobchilar ishtirok etgan seminarda 2023 yil 28 dekabrda qabul qilingan mazkur qonun bilan Soliq kodeksining 46 moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani xususida so‘z yuritildi. Qonunchiligimizda yuz bergan bu yangilanishlar soliq ma’muriyatchiligi va aholi farovonligini taminlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qayd etildiki, yangi o‘zgartish va qo‘shimchilarga muvofiq yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori transport vositalari va tirkamalari uchun BHMning 5-10 baravari miqdorida yillik tabaqalashtirilgan yo‘l yig‘imi joriy etildi. Bu yig‘im shu yil 1 apreldan to‘lanadi. Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshiriladigan byudjet tashkilotlarining loyihalari, shuningdek, davlat korxonalari hamda davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning infratuzilma loyihalari doirasida tovarlarni realizasiya qilish va ularning importi 2024 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar QQSdan ozod etilmoqda. Avval bu soliq imtiyozi 2020 yilning 1 iyuliga qadar Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari direktorlari kengashi tomonidan ma’qullangan loyihalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muddati tugagunga qadar amal qilar edi.

–2024 yilning 1 aprelidan dori vositalari, shuningdek, veterinariya dori vositalari, tibbiy va veterinariya xizmatlari bo‘yicha QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinadi, –deydi viloyat soliq boshqarmasi soliq solish bo‘yicha maslahat bo‘limi boshlig‘i Sobir Rahmonqulov. – Bunda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarga QQS summasi (12 foiz)ni “keshbek” sifatida qaytarish mexanizmi yaratiladi. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshirilmoqda. Bu bilan Soliq kodeksining 483-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Mol-mulk solig‘ining asosiy stavkasi, ya’ni 1,5 foizni saqlab qolgan holda soliq bazasini aniqlashda 1 kvadrat-metr uchun o‘rnatilgan minimal qiymat viloyat markazlari uchun amaldagi 1,5 million so‘mdan 2 million so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylar uchun amaldagi 1 million so‘mdan 1,2 million so‘m miqdorida belgilanayotir.

Seminarda yakka tartibdagi tadbikorlar, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning soliq to‘lovidagi yangiliklar, qo‘shimcha qiymat solig‘i, oilaviy tadbirkorlarga berilayotgan huquqlar, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq va boshqa o‘zgartishlar haqida ham ma’lumot berildi.

–Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq turidagi muhim o‘zgartish bu sement ishlab chiqarishda foydalaniladigan ohaktoshning 1 tonnasi uchun belgilangan soliq stavkasining 22 ming 500 so‘mdan 6 ming so‘mga pasaytirilishi bo‘ldi, – deydi “Sherobodsement zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi O‘ktam Namozov. ¬O‘tgan yili korxonamiz qazib olingan 808 ming 536 tonna ohaktosh uchun 18 milliard 190 million so‘m yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i to‘lagan edi. Bu yil mazkur soliq stavkasining qariyb to‘rt baravarga kamaytirilgani natijasida korxonamiz hisobida o‘rtacha 13 milliard 341 million so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda. Bu ishlab chiqarishimizni yanada rivojlantirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini beradi.

Seminar yakunida Soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi mutasaddilari soliq to‘lovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri