Soib To‘xtayev: Men - O‘zbekiston fuqarosiman!
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan o‘zaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yig‘indisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini e’tirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi”, deb belgilangan. Bu esa shu yurtda yashayotgan har bir O‘zbekiston fuqarosi qonun himoyasida ekanligini anglatadi.
Ammo fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar-chi? Qonunga ko‘ra, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bu - O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan va o‘zining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lmagan shaxsdir. Unga fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yoki chet davlat fuqarosining shaxsini tasdiqlaydigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashga ruxsat etilganligining tasdig‘i sifatida yashash guvohnomasi beriladi.
Fuqarolik pasporti esa shaxsning u yoki bu mamlakat himoyasida ekanligini tasdiqlovchi hujjat sanaladi. Ammo oramizda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohrtlar inson manfaatlari uchun xizmat qilayotganligi bilan ham ahamiyatlidir. Bu islohotlar pasport tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Natijada pasport va propiskani rasmiylashtirishning osonlashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yildi. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan bir qator yangi hujjatlar qabul qilindi.
Birgina Qiziltepa tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi tomonidan 2019 yilda 4 nafar shaxs fuqarolikka qabul qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 20 nafarga yetgan.
– Tumanimizda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2005 yil 1 yanvariga qadar respublikamiz hududida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, ammo fuqaroligi bo‘lmagan o‘n besh nafar shaxsga fuqarolik pasportlari taqdim etildi, – deydi tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i Sulaymon Niyozov. – O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan shaxslarning olti nafari erkak va to‘qqiz nafari xotin-qizlardir. Yana yetti nafar yurtdoshimiz fuqarolikka qabul qilinish ostonasida turishibdi.
– Oilamiz – ota-onam, turmush o‘rtog‘im va bolalarim bilan O‘zbekistonga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganimizga 29 yil bo‘ldi, – deydi "Gulzor” mahallasi, “Nuroniy” ko‘chasida yashovchi Soib To‘xtayev. – Taqdir taqozosi bilan ota-onamiz Tojikiston Respublikasi, Dushanbe shahriga ko‘chib ketishgan. O‘sha yerda oila qurib, farzandli bo‘lishgan. Men ham Dushanbeda tug‘ilib o‘sganman. Albatta, yurtimizda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ham qonuniy huquqlari ta’minlangan bo‘lsa-da, bu borada ba’zi to‘siqlar uchrab turardi. Masalan, shu 29 yil mobaynida men va oila a’zolarimiz O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmaganimiz bois chet elga chiqishda qiyinchiliklarga uchrar edik. Yurtimizdagi umumxalq saylovlarida saylash va saylanish, harbiy xizmatga borish huquqidan mahrum edik. Yangi islohotlar tufayli men, turmush o‘rtog‘im, uch nafar farzandim ortiqcha ovoragarchiliklarsiz fuqarolikka qabul qilindik. Bugun biz O‘zbekiston fuqarosimiz! Bu shu aziz Vatanda yashab, mehnat qilayotgan har bir fuqaro kabi mening ham huquq, burch va majburiyatlarim qonun bilan kafolatlanganligi uchun berilgan hujjatdir.
Albatta, tinch va osuda Vatanda yashash baxt. Uning ravnaqi yo‘lida mehnat qilish, o‘z hissasini qo‘shish esa shu yurtda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchidir. Davlat va qonun himoyasida ekanimizni ta’minlovchi fuqarolik pasportini qo‘lga kiritayotgan yurtdoshlarimiz quvonchi esa cheksiz. Ana shunday sharafga ega bo‘layotgan yurtdoshlarimiz safi esa kun sayin ko‘paymoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA