Sohibqiron siymosi barhayot
Sohibqiron Amir Temurning jasorati, irodasi, davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etish tajribasi avlodlarga katta namunadir.
Ayni kunlarda Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan respublikamizdagi turli tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida ham bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda shunday tadbir o‘tkazildi.

Sohibqiron Amir Temur — buyuk davlat asoschisi bo‘lib, u Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar g‘oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Amir Temur davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning “... davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan so‘zlari buning yorqin dalilidir.

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyos. Amir Temur umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim” degan so‘zlari bunga dalildir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham me’morlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat bo‘lgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfaxon va Damashqning mashhur usta hunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu-inshootlar bino qilganlar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari, bir qator umumta’lim maktablari hamda 17-sonli internat san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari va kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi.
Muzeyga tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ekspozitsiya va ko‘rgazma zallarida namoyish etilgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar.
M.Komilova, O‘zA