Sohibqiron bobomizni yod etib
9 aprel – Amir Temur tavallud topgan kun
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Geologiya-qidiruv va kon-metallurgiya fakulteti tomonidan Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur oliy o‘quv yurtining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori M.Atamuratov, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori J.Rahimov va boshqalar mamlakatimizda milliy tariximizni to‘laqonli o‘rganish masalalari doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Bu borada Soxibqiron bobomiz Amir Temur va temuriylar davriga oid tadqiqotlar olib borish, ularning mazmuni aks ettirilgan ilmiy kitoblar, risolalar chop etish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mazkur ilmiy izlanishlar esa xorijda temuriylar tarixiga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishida o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan Amir Temur hayoti va faoliyati, uning davlat boshqaruvi, harbiy mahorati, Amir Temur saltanati rivojida Buyuk Ipak yo‘lining tutgan o‘rni, tinchlik va barqarorlikni tiklashdagi xizmatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Respublika musiqa va san’at kolleji talabalari tomonidan “Amir Temur va Hazrati Xizr suhbati” mavzusidagi sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA