Sohibaxon Andijonning eng ishbilarmon ayoli
Andijonda “Ishbilarmon ayol – 2020” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Andijonda “Ishbilarmon ayol – 2020” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Andijon shahridagi “Karvonsaroy” mehmonxonasida oʻtkazilgan tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”ga bagʻishlanib, qator tashkilotlar bilan hamkorlikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda tadbirkor, fermer hamda hunarmand xotin-qizlarning faol ishtirokini taʼminlash, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 16 nafar ishbilarmon ayolning faoliyati, taqdim etgan hujjatlari koʻrib chiqildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan Baliqchi tumanidagi “Koinot” fermer xoʻjaligi rahbari, “Shuhrat” medali sohibasi Sohibaxon Xudayberdiyeva gʻolib deb topilib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.
– Men kabi koʻplab tadbirkor opa-singillarimizga ragʻbat berayotgan ushbu tanlovda gʻolib boʻlganligimdan behad mamnunman, – deydi tanlov gʻolibasi S. Xudoyberdiyeva. – Eng avvalo, mazkur tanlov faol va tadbirkor ayollar faoliyati, ularning ilgʻor tajriba va ish uslublari bilan tanishish imkonini berdi. Bu kelgusidagi faoliyatimizni yana-da samarali olib borishga yordam beradi. Qolaversa, gʻoliblik menga masʼuliyat yuklaydi, yana-da shijoat bilan mehnat qilishga undaydi.
Tanlovda ikkinchi oʻrin jalaquduqlik hunarmand, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish markazi rahbari Odinaxon Yusupova hamda Paxtaobod tumanida asalarichilik bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor Olmaxon Husanovaga, 3-oʻrin shahrixonlik, doʻppi tikuvchi hunarmand Havasoy Tursunboyevaga nasib etdi. Shuningdek, tanlovda qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.
Gʻolib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.