Sog‘lom va barkamol avlod – taraqqiyot poydevori
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz ta’lim, ilm-fan, yoshlar tarbiyasi, inson qadri, sog‘lom turmush tarzi va jamiyat taraqqiyoti kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbarining “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”, degan so‘zlari har bir sohada mehnat qilayotgan insonni yangi maqsadlar sari intilishga undaydi. Bu fikr, ayniqsa, yoshlar ta’limi va tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan pedagoglar uchun katta mas’uliyat yuklaydi.
Bugungi kunda jismoniy madaniyat va sport sohasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Chunki sog‘lom avlod — mamlakat taraqqiyotining muhim asoslaridan biridir. Jismoniy tarbiya inson salomatligini mustahkamlash bilan birga, yoshlarda intizom, iroda, maqsadga intilish, jamoaviylik va vatanparvarlik kabi fazilatlarni shakllantiradi.
Prezidentimiz nutqida yoshlar mamlakatimizning eng katta boyligi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi ekanini ta’kidladi. Bu fikr biz, professor-o‘qituvchilar zimmasiga katta vazifa yuklaydi. Zero, bugun ta’lim olayotgan talaba ertaga jamiyatning turli sohalarida faoliyat yuritadigan mutaxassis, jumladan, yosh avlodni tarbiyalaydigan pedagog va murabbiy bo‘ladi.
Jismoniy madaniyat sohasida kadrlar tayyorlashda ham zamonaviy yondashuv talab etiladi. Bugungi talabadan nafaqat jismoniy mashqlar va sport nazariyasini bilish, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalar, sport psixologiyasi, fiziologiyasi, raqamli texnologiyalar va innovatsion metodlarni o‘zlashtirish ham talab etiladi. Shuning uchun ta’lim jarayonida talabalarning nazariy bilimini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz sportchilari erishayotgan xalqaro natijalar ham yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlar, yosh sportchilarning jahon va qit’a chempionatlaridagi g‘alabalari barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Shu nuqtai nazardan, oliy ta’lim muassasalarida ommaviy sportni yanada rivojlantirish, talabalarni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishga jalb etish muhimdir. Chunki sport faqat yuqori natijaga erishish vositasi emas, balki sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishning samarali vositasidir.
Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oyalar biz, pedagoglar uchun ham o‘ziga xos dasturulamaldir. Yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularning iste’dod va qobiliyatini rivojlantirish, sog‘lom va barkamol inson qilib tarbiyalash barchamizning umumiy vazifamizdir.
Ishonchim komilki, bugungi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, bilim va mehnatni sport bilan uyg‘unlashtirgan holda, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yangi avlodni tarbiyalay olamiz. Zero, sog‘lom avlod — kuchli davlat, bilimli va barkamol yoshlar esa yurtimizning mustahkam kelajagidir.
Azamat Sultonsuyunov,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi mudiri, professor
O‘zA