Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi Respublika OITSga qarshi kurash markazi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va O‘zbekistonning barcha aeroportlarida “Sog‘lom turmush tarzi uchun” aksiyasini o‘tkazdi.
Aksiya doirasida xorijdan tashrif buyurgan yo‘lovchilarga test-tasmalari vositasida OIV infeksiyasiga bepul ekspress-test tekshiruvidan o‘tish taklif qilindi.

Aksiyadan ko‘zlangan maqsad – odamlarning aksariyat qismini test tekshiruvlariga qamrab olish, aholini ushbu kasallik, uni aniqlash, davolash va himoyalanish usullari to‘g‘risida xabardorlik darajasini oshirishdan iborat.
“Uzbekistan Airports” kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, jami 12 kun ichida respublika aeroportlarida 1080 nafar kishi ekspress-test tekshiruvidan o‘tgan. Shu bilan birga, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar Respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda muntazam ravishda donorlar kunini o‘tkazadi. Shu kuni kompaniya xodimlari donorlar qoniga muhtoj bemorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qon topshiradi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.