Sog‘lom turmush tarzi va jismoniy madaniyat
Jizzax davlat pedagogika universitetida “Talabalarda sog‘lom turmush tarzini jismoniy madaniyat asosida takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari jismoniy madaniyat sohasining professor-o‘qituvchilari, JDPU yosh olim va talabalari offlayn tarzda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimizdagi boshqa viloyatlar oliy ta’lim muassasalari hamda M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti professor o‘qituvchilari “ZOOM” – onlayn tarzida ishtirok etdi.
Dastlab tadbir qatnashchilariga JDPU jismoniy madaniyat fakulteti dekani, professor Furqat Ahmedov anjuman kun-tartibi hamda uning mazmun va mohiyati xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Respublika ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘qituvchisi, pedagogika fanlar doktori, professori Tal’at Usmonxo‘jayevning “Talabalarda sog‘lom turmush tarzini milliy sport turlari, etnosport vositasi asosida tashkil qilish” mavzusidagi, JTSMQTMOI Samarqand filiali o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi, professori Hamroqul Rafiyevning “Talabalar sog‘lom turmush tarzida jismoniy madaniyat omillari” mavzusidagi, Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi, professor Bahodir Ma’murovning “Bo‘lajak jismoniy tarbiya va sport mutaxassisining kasbiy kompetensiyasini shakllantirish texnologiyasi” mavzusidagi, M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi, professor Abudumannap Joldasbekovning “Fizicheskaya kultura kak faktor valeologicheskogo i ekologicheskogo vospitaniya studentov” mavzusidagi onlayn tarzdagi hamda JDPU jismoniy madaniyat fakulteti dekani, pedagogika fanlar nomzodi, professor Furqat Ahmedovning “Oliy ta’lim muassasalari talabalari jismoniy madaniyatini rivojlantirishning zamonaviy talablari” mavzusidagi ilmiy ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladi.
Jonli muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar zaldan va onlayn tarzda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Kunning ikkinchi yarmida respublika ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari JDPU talabalarining jismoniy madaniyat va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Jizzax davlat pedagogika universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga 1976 yilda asos solingan. Bu yerda jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi hamda sport turlarini o‘qitish metodikasi kafedralari faoliyat yuritadi. Ushbu kafedralarda jami 42 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib, ulardan 1 nafari professor, 1 nafari professor vazifasini bajaruvchi, 6 nafari dotsent, 3 nafari pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, 10 nafari katta o‘qituvchi, 10 nafari o‘qituvchi va 8 nafari stajyor-o‘qituvchi hisoblanadi.
Fakultetda to‘rtta: jismoniy madaniyat, xotin-qizlar sporti hamda sport faoliyatlari – kurash, voleybol ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda jami 882 nafar talaba bakalavr bosqichida, shuningdek, 74 nafar talaba “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
[gallery-9677]
So‘ngi bir yilda fakultet professor-o‘qituvchilaridan 3 nafari falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Oxirgi uch yilda fakultet ijodiy jamoasi tomonidan 5 ta darslik, 12 ta o‘quv qo‘llanma, 14 ta uslubiy qo‘llanmalar tayyorlandi. Shuningdek, muntazam ravishda “Scopus” bazasi va Oliy ta’lim attestatsiya komissiyasi – OAK e’tirof etgan bazalarda indeksatsiya qilinuvchi yuqori “Impakt” faktorli ilmiy jurnallarda professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari e’lon qilinib borilmoqda.
Fakultet talabalari ixtiyorida gimnastika, kurash turlari va sport o‘yinlari uchun 2 ta yopiq sport zali, 3 ta sun’iy futbol maydonchalari, sportning voleybol, basketbol va stol tennisi turlari uchun o‘yin maydonlari, “Workouta” sport maydonchasi va ochiq futbol maydoni mavjud. Sportning erkak va ayollar uchun voleybol hamda erkaklar uchun basketbol turlari bo‘yicha fakultetning “JDPU Ziyokor” terma jamoasi O‘zbekiston Oliy liga chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
bugungi kunda fakultetda Jahon, Osiyo va respublika chempionlari, ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalar g‘oliblari va Davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan iqtidorli talabalar tahsil olmoqda. Fakultet bilan tanishish jarayonidan so‘ng anjuman o‘z ishini sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.
Jumladan, 1-sho‘’bada “Talabalar jismoniy madaniyatini takomillashtirishga oid jismoniy tarbiya darslari va sport mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazishning dolzarb muammo va yechimlari” mavzusida, 2-sho‘’bada “Talabalar jismoniy madaniyatini takomillashtirishda zamonaviy sport inshootlari va jihozlaridan samarali foydalanishning innovatsion texnologiyalari” mavzusida, 3-sho‘’bada “Oliy ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar bilan jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini tashkil qilishning uslubiy asoslari” mavzusida hamda 4-sho‘’bada “Talabalar jismoniy madaniyatini takomillashtirish orqali bo‘lajak jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarining kasbiy kompetentligini rivojlantirish” mavzularida ilmiy-amaliy tarzda yig‘ilishlar olib borildi.
– Bugun respublika miqyosida o‘tgan ilmiy-amaliy anjumanda talabalar sog‘lom turmush tarzini jismoniy madaniyat asosida takomillashtirishda yuzaga kelayotgan muammolarning yechimlari atroflicha muhokama qilindi, – deydi JDPU jismoniy madaniyat fakulteti dekani, pedagogika fanlar nomzodi, professor Furqat Ahmedov. – bugungi kunda bo‘lajak o‘qituvchilarga qo‘yilgan talablarni inobatga oladigan bo‘lsak, ta’lim-tarbiya olish orqali mutaxassis bo‘lib yetishishi o‘ta muhim hisoblanadi. Zero, o‘qituvchi kelajak avlodga ta’lim-tarbiya berishda har tomonlama ilg‘or va namuna bo‘lishi tegishli me’yoriy hujjatlarda ham belgilab qo‘yilgan.
Shu nuqtai nazardan, pedagogika ta’lim yo‘nalishidagi talabalarda sog‘lom turmush tarzining shakllanganligi, ularda jismoniy madaniyatning takomillashgan bo‘lishi o‘ta zaruriy ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuning uchun ham talabalarning jismoniy madaniyati va uni rivojlantirish, takomillashtirishni ilmiy tadqiq etish dolzarb masala bo‘lib, ushbu anjuman talaba yoshlarimizga ham yosh olimlarimizga ham juda ham foydali bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Talabalarda sog‘lom turmush tarzini jismoniy madaniyat asosida takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida JDPUda o‘tgan respublika ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA