Sog‘lom turmush tarzi – sog‘lomlikning kafolati (+video)
Samarqand viloyati aholisida endokrin kasalliklarining oldini olish va erta aniqlash maqsadida joriy yilning birinchi choragida o‘tkazilgan skrining tekshiruvlari natijasida 11 ming 500 kishida ortiqcha vazn, 5800 nafardan ortiq shaxsda semizlik, 968 nafar fuqaroda qandli diabet aniqlangan. Kasallik qayd etilgan bemorlar nazoratga olinib, zarur tavsiyalar berilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkazilishi hamda endokrin kasalliklar aniqlangan bemorlar bilan muntazam aloqa o‘rnatilishi belgilangan.
Shuningdek, surunkali endokrin kasalliklari rivojlanishining oldini olish uchun endokrin kasalliklarini davolashning zamonaviy klinik protokollari va algoritmlarini joriy etish, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi endokrinolog shifokor xonalarini zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash, glyukometr, maxsus test yaproqchalari hamda ignalar bilan ta’minlash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida belgilangan standartlarga muvofiq jihozlangan shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etilishi vazifasi qo‘yilgandi.
– Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi qarori ijrosi yuzasidan 2022 yildan buyon aholi o‘rtasida, asosan qirq yoshdan oshgan yurtdoshlarimizda qandli diabetni erta aniqlash uchun skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali vrach-endokrinologi Aziza Yusupova. – Mazkur tekshiruvlar tuman, shahar endokrinologlari tomonidan birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini mutaxassislari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bunda hududiy poliklinikalarda shakllantirilgan ortiqcha vaznli, qon bosimi yuqori bo‘lganlar yoki ota-onasi va boshqa yaqinlari qandli diabetga chalingan shaxslar ro‘yxati asosida ularda qondagi qand miqdori aniqlanadi. Bunda qondagi qand miqdori och qoringa me’yor 3,5-6,0 mmol/l.gacha, diabetoldi holatda 6,1 dan 7 mmol/l.gacha, ovqatlanishdan 2 soat o‘tgach, me’yor 7,8 mmol/l.gacha, diabetoldi holatda 7,8 dan 11 mmol/l.gacha bo‘lishi kerak. Agar qondagi qand miqdori me’yordan yuqori bo‘lsa, bu shaxslar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkaziladi. Diabet tashxisi qo‘yilsa, shunga qarab davolash choralari ko‘riladi.
Yilning dastlabki to‘rt oyida viloyatimiz bo‘yicha 95749 nafar shaxs skringdan o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 11503 nafarida ortiqcha vazn, 5804 nafarida semizlik, 968 nafarida qandli diabet aniqlangan. Kasallik aniqlangan bemorlar belgilangan tartibda nazoratiga olinib, ularni davolash choralari ko‘rilmoqda.
Skrining tekshiruvlarining o‘tkazilishi kasallikni erta aniqlash va uning asoratlarini kamaytirish imkoniyatini beryapti. Chunki, ko‘p hollarda aholi diabetning og‘ir asorati ko‘rinmasa, kasallikka chalinganini sezmay yuraveradi. Ular odatdagidan ko‘p suv ichishi yoki peshobga ko‘p chiqishi mumkin, lekin bu diabet belgisi ekanini bilmaydigan kishilar juda ko‘p. Kasallik erta bosqichlarda aniqlansa, uni davolash samaradorligi ham yuqori bo‘ladi.
Filial mas’ullarning qayd etishicha, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida barcha tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi endokrinolog shifokor xonalari zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, test yaproqchalari, glyukometr va zarur dori vositalari bilan ta’minlangan. Urgut, Payariq, Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tumanlaridagi markaziy shifoxonalarning har birida 20 o‘rinli endokrinologiya bo‘limlari ochilgan. Boshqa tuman va shaharlarda ham terapiya bo‘limlarida endokrin kasalliklarni davolash uchun kamida o‘ntadan joy ajratilgan.
[gallery-17621]
– Hozirgi kunda skrining o‘tkazish uchun barcha tuman va shahar poliklinikalari yetarli miqdorda test yaproqchalari, qonda qand miqdorini aniqlash uchun glyukometr apparatlari bilan, shuningdek, qonda glikerlangan gemoglabin miqdorini aniqlash uchun rekativlar bilan ta’minlangan, – deya so‘zida davom etadi Aziza Yusupova. – Agar bemorlarda semizlik yoki qandli diabetning boshlang‘ich bosqichlari kuzatilsa, ularga medfarmin dori vositasi beriladi. Biz skrining vaqtida faqat diabetni emas, semizlik va ortiqcha vaznni aniqlab, kasallikni erta aniqlash va davolash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini ham shakllantirishga e’tibor qaratyapmiz. Chunki, yaxshi bilamiz, qandli diabet ko‘p hollarda ortiqcha vazn, kam harakatlilik, jismoniy faollikning sustligi oqibatida kelib chiqadi. Ammo hamma ham buni bilmasligi mumkin. Shuning uchun ko‘rik vaqtida, avvalo, odamlarni sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz. Hozir hatto qishloqlardi ham piyodalar uchun yo‘laklar, veloyo‘laklar tashkil etilgan. Salomatlik uchun 5 ming qadam, 10 ming qadam, degan marafonlar o‘tkaziladi. Maqsad – odamlarning ko‘proq jismoniy harakat qilishini rag‘batlantirish, sog‘lom hayot kechirishiga erishish, semizlikni kamaytirishdir. Aholimiz ko‘proq piyoda yursa, sog‘lom ovqatlansa, ortiqcha vazn to‘plamasa, qandli diabetdan yiroq bo‘ladi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/EAvuz37Txz4" title="Sog‘lom turmush tarzi – sog‘lomlikning kafolati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video, surat),
O‘zA muxbirlari