Sog‘lom turmush tarzi – salomatlik garovi
Andijon Olimpiya zaxiralari kollejida “Sog‘lom turmush tarzi – salomatlik garovi” shiori ostida sportning mini-futbol, stol tennisi, arqon tortish va tosh ko‘tarish turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi, xususan, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini ommalashtirish maqsadida viloyat hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan sport musobaqalarida viloyatdagi qator korxona, tashkilotlar, ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari xodimlari va talabalaridan tuzilgan 50 dan ortiq jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Musobaqalar ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda, xususan, Andijonda sportning ommaviyligini oshirish, aholi turli qatlami vakillarini sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-5353]
Qizg‘in va murosasiz bahslar asosida o‘tgan bahslarning arqon tortish musobaqasida Andijon pedagogika insitituti jamoasi 1- o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi, uchinchi o‘rin esa Andijon mashinasozlik instituti jamoalariga nasib etdi.
Stol tennisi musobaqasida Andijon pedagogika insitituti o‘qituvchisi Adahamjon Tursunov birinchi, Jalaquduq tumani sport bo‘limi xodimi Obidjon G‘ofurov ikkinchi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Jaloliddin Jo‘rayev uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Polvonlar o‘rtasidagi tosh ko‘tarish baxslarida esa Andijon pedagogika insitituti xodimi Abdullo Sodiqovga teng keladigan raqib topilmadi. Musobaqada Andijon tumanidagi Mingo‘rik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akbarali Aripov ikkinchi hamda Jalaquduq tumani SEVOM xodimi Vohidjon Sultonov uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
O‘ttizga yaqin jamoa qatnashgan mini futbol musobaqasi o‘yinlari yanada qiziqarli o‘tdi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportning ommaviyligini oshirish, qolaversa, bu borada mas’ul va mutasaddilarning shaxsiy namunasini ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilgan sport musobaqalari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat, shijoat va salomatlik bag‘ishladi.
Yakunda musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA