Sog‘lom ruhiyat – sog‘lom jamiyat (+video)
Bugungi kunda barcha yoshdagi insonlar uchun asab, ruhiyat sir-asrorlarini bilish, o‘zligini anglash muhim ahamiyatga ega. Eng avvalo, asab, ruhiyatning odam salomatligida tutgan o‘rnini, bu holatlarning turli xil xastaliklarga uzviy aloqador ekanligi sir emas.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent tibbiyot akademiyasi “Asab kasalliklari, tibbiyot psixologiyasi va psixoterapiya” kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Zarifboy Ibodullayevning “Asab va ruhiyat” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan “Sog‘lom ruhiyat – sog‘lom jamiyat” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Asab va ruhiyatga bag‘ishlangan ushbu kitob muallifning deyarli 25-yillik kuzatuvlari asosida tayyorlangan. Undagi voqea va hodisalar insonni hayratga soladi. Odam o‘zining e’tiborsizligi va qaltis harakatlari bilan yakka-yu-yagona boyligi bo‘lmish – salomatligidan ajralishiga bir bahya qolgan holatlar, shifokor va psixologlarning matonatli faoliyati haqida to‘lqinlanib o‘qiysiz.
Kitobdagi barcha ma’lumotlar hayotda bo‘lib o‘tgan voqealar asosida tayyorlangan. Ayniqsa, og‘ir kasalliklarni psixologik usullar bilan mohirona davolash usullari o‘quvchida katta qiziqish uyg‘otadi. Uni mutolaa qilarkansiz, tibbiyot va psixologiya go‘yoki egizak ekanligiga amin bo‘lasiz. Ularni bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hech bir kasallik yo‘qki, psixologik usulni qo‘llash zarurati tug‘ilmasa.
Bugungi zamonaviy tibbiyotda bemor psixologiyasini o‘rganmasdan va psixologik usullarni qo‘llamasdan turib faqat dori-darmonlar bilan chegaralanib qolish deyarli har doim ko‘zlangan natijani bermaydi. Bu haqda muallif o‘zining kitobida o‘nlab misollar keltirgan. Hattoki endi sog‘ayishdan umid yo‘q, deb xulosa qilingan vaziyatlarda psixoterapevtik usullarni qo‘llab bemorni oyoqqa turg‘azib yuborilgan holatlar ko‘p bayon qilingan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rOTd6VK2Ygk" title="Sogʻlom ruhiyat – sogʻlom jamiyat – sog‘lom jamiyat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Taniqli olim Zarifboy Ibodullayevning ushbu asari 10-yil ichida 5 marotaba nashr yuzini ko‘rdi. Ushbu asar har bir yurtdoshimizning qalb to‘ridan o‘rin olgan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu kitob 2022-yili Turkiyada "Sinir ve ruhiyat" nomi bilan chop qilindi va o‘zbek olimini turk dunyosiga tanitib boshladi. Olimning shaxsiy kuzatuvlari va kechinmalari asosida tayyorlangan va yangi mavzular bilan boyitilgan kitobining beshinchi nashri ham elimizga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA