Sog‘lom kelajak uchun imkoniyatlar eshigi
11-12 may kunlari “Poytaxt” biznes-markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun onlayn formatda “Tamakisiz kelajak sari” seminar-treningi bo‘lib o‘tdi.
Seminar-trening «Ibn Sino» jamoat fondi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining «Tamakisiz kelajak sari!» loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Aholining sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faolligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash markazi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan tamaki iste’mol qilishning inson tanasiga ta’siri, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida noqonuniy olib kirilayotgan tamaki mahsulotlari sotilishining oldini olish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, O‘zbekistonning amaldagi tamakiga qarshi qonunchiligi va aholi o‘rtasida tamakidan foydalanishni kamaytirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida materiallarning turlari muhokama qilindi.
XX asrda tamaki 100 million odamning yostig‘ini quritdi. Hozirgi tendensiyalar saqlanib qolganda, XXI asrda yana bir milliard o‘lim tamaki bilan bog‘liq bo‘ladi. Tegishli choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga kelib tamakiga bog‘liq o‘lim holatlari soni yiliga 8 milliondan oshib ketadi.
Seminar-trening yakunida jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida OAVda e’lon qilingan eng yaxshi axborot materiali uchun tanlov e’lon qilindi. Tanlov natijalari shu yilning noyabr oyida e’lon qilinadi.
Gulnora G‘ulomova,
O‘zA