Sog‘liqni saqlash vazirining axboroti eshitildi
2023 yilning o‘tgan davrida 40 va undan katta yoshdagi aholining 83,8 foizi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha skriningdan o‘tkazilib, ularning 2,1 foizida yurak qon-tomir kasalligi, 0,7 foizida qandli diabet kasalligi birinchi marta aniqlangan.
Shuningdek, ayollarning 84 foizi onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazilganida 0,09 foizida xavfli o‘sma kasalligi, 3-18 yoshli 6,3 million bolalar gematoonkologik skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, 0,01 foiz bolalarda gematoonkologik kasallik aniqlangan. Natijada ularga erta davolanish choralarini ko‘rish imkoni yaratilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida aytib o‘tildi. Unda deputatlar sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatovning mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning holati va istiqboli to‘g‘risidagi axborotini eshitdi.

Vazir o‘z ma’ruzasida aholi salomatligini saqlash borasidagi vazifalar ijrosi haqida ma’lumot berdi:
— Har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 2022 yilda 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari, joriy yilda 8500 ta doya shtatlari ajratildi, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy UZI va EKG apparatlari bilan ta’minlandi. Qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yanada yakinlashtirish maksadida shunday muassasalar 2021 yildan boshlab yangidan tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga 2022 yilga nisbatan oilaviy poliklinikalar 1046 dan 1074 taga, oilaviy shifokorlik punktlari 1062 dan 1234 taga yetdi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar yana 17 ta oilaviy shifokorlik punkti, 8 ta oilaviy poliklinika ochilishi rejalashtirilgan. Bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida 149 tasi ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Ularga 32 turdagi asbob-uskunalar yetkazib berilgan.
2022-2023 yillarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari bilan ta’minlanishi 66 turdan 120 turga oshirildi.
Bolalarning sog‘lom o‘sish va rivojlanishini ta’minlash maqsadida 8,4 million 3-15 yoshdagi bolalar, 2,2 million homilador va emizuvchi ayollar yod preparatlari bilan, 5,9 million 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar temir preparatlari va foliy kislotasi preparati bilan, 6-23 oylik bo‘lgan 296,1 ming nafar bolalar mikronutriyentlar bilan ta’minlangan. Yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha 12 million bolaning 98 foizi 13 turdagi vaksinalar bilan emlangan. Spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan bolalarni davolash uchun dori vositalari ehtiyojga ko‘ra 100 foiz yetkazib berilgan, — dedi vazir o‘z axborotida.
Savol-javob va muhokamalar davomida deputatlar birlamchi tibbiy sanitariya muassasalarini shifokorlar bilan to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish, xodimlarni rag‘batlantirish ishlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish, rejalashtirilgan poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlarini o‘z vaqtida tashkil etish, bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kerakli tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, tibbiyot muassasasidan 10 kmdan uzoqda joylashgan 359 ta mahallaga birlamchi tibbiy xizmatni yaqinlashtirish kerakligini aytib o‘tdilar.
Bundan tashqari, shifokorlarga ustama ish haqlari o‘z vaqtida to‘lmanmagani sabablari, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish borasidagi hamda gemodializga muhtoj bemorlar uchun ko‘rilayotgan choralar bilan qiziqdilar.
Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan parlament eshituvida xalq vakillari tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA