Sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilishning yangi tizimi joriy etiladi
Prezidentning “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:
Sog‘liqni saqlash vazirligi sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasi asosida tibbiyot sohasini, shu jumladan, xususiy sektorni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi;
DXSH loyihalari bo‘yicha davlat sherigi sifatida faoliyat yuritadi, Agentlik bilan birgalikda investitsiya va DXSH loyihalarini amalga oshirish uchun davlat tibbiyot muassasalarini, yer uchastkalarini, bino va inshootlarni belgilaydi.
Agentlik investorlarni aniqlaydi va ular bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi, yangi investitsiya loyihalari (grant loyihalari bundan mustasno) va DXSH asosidagi loyihalarni ishlab chiqadi, ularni manfaatdor tomonlar bilan kelishishga ko‘maklashadi hamda DXSH loyihalarini Sog‘liqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi;
tayyor investitsiya paketlarini shakllantiradi, investorlarga investitsiya loyihalari va DXSH asosidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonida ko‘maklashadi va monitoring qiladi;
Kompaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi va o‘z tizimidagi xo‘jalik jamiyatlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda Agentlikka ko‘maklashadi;
unga boshqaruvga topshirilgan tashkilotlarning hamda mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ulushlarning samarali boshqarilishini ta’minlaydi.
2026-yil yakuniga qadar tibbiyot muassasalari faoliyatini zamonaviy boshqaruv modellari asosida samarali tashkil etish maqsadida sinov tariqasida “Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi”, “Bolalar milliy tibbiyot markazi”, “Milliy tibbiyot markazi” davlat muassasalari va “Ko‘pfunksiyali tibbiyot markazi” MCHJ hududi bilan birga Kompaniya boshqaruviga o‘tkaziladi.
O‘zA