Sog‘liqni saqlash kodeksi sohada huquqiy munosabatlarni kompleks tartibga soladi
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlar 76 ta qonun va 400 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi. Shu sababli ushbu yo‘nalishdagi huquqiy munosabatlarni kompleks tartibga solish, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarur.
Kodeksni ishlab chiqish strategiyasi va rejasi taqdim qilinib, bu vazifa 2027-yilning dekabrigacha amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishida so‘z bordi.
Vazirlik boshqarmalari va tuzilmalari rahbarlari, “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi hamda BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonalari kabi hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda ushbu hujjatning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash kodeksining qabul qilinishi tizimdagi qonunchilikni tizimlashtirish va yagona huquqiy manba (kodeks)ga birlashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, sohadagi bir-birini takrorlovchi qonunosti hujjatlari va normalarning kamayishiga, tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasi va moddiy ta’minotining huquqiy kafolatlari mustahkamlanishiga, aholining tibbiy madaniyati yuksalishiga, fuqarolarning Konstitutsiyada mustahkamlangan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi har tomonlama ta’minlanishiga erishiladi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda yo‘nalishlar bo‘yicha texnik ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlandi. Ularning har birida hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari konsultantlar sifatida jalb qilingan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA