“Sog‘inch shivirlari” va “Hulvo” kitoblari taqdimoti
She’r ko‘ngil mehvari. Uni tinglash esa ana shu ko‘ngilga huzur beradi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan “Sog‘inch shivirlari” hamda “Hulvo” nomli kitoblari tadimotida ham muxlislar shunday she’rlar va u haqdagi fikrlarni tingladi.
Uyushma a’zosi, shoira Zilola Xo‘janiyozova qalamiga mansub ushbu kitoblar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Turkiyaning “Baygench” nashriyoti tomonidan nashr etilgan.
Shoiraning “Sog‘inch shivirlari” kitobiga taniqli shoira Halima Ahmedova so‘z boshi yozgan bo‘lib, unda shunday fikrlar bor: “Inson zamin va osmonning, daryo va alanganing sog‘inchidan tug‘iladi. Shuning uchun ham jismu jonimizda, hattoki har bir hujayramizda sog‘inchning raftori bor. Xuddi ana shu holatni shoira o‘z she’rida qayta kashf etganday bo‘ladi. Balki bu ham aytimning bir yo‘lidir.”

Daraxtlarning sirg‘asin yechib,
Olib qochar o‘yinqaroq yel.
Derazamdan sezdirmay kirib,
Jilmayadi men suygan aprel.
...Atirgullar ko‘ylagi qat-qat,
Qimtibgina yechishar nahor.
Shirin ertak boshlagin faqat
Muhabbatdan so‘z ochma, bahor.
Shoiraning Turkiyada nashr etilgan “Hulvo” nomli kitobi so‘zboshisi muallifi – shoir va tarjimon Arslan Bayir. She’rlarni o‘zbekchadan turk tiliga yosh tarjimon Rahmat Bobojon tarjima qilgan. 80 ta she’r o‘rin olgan tarjima kitobdagi she’rlar o‘zbek va turk adabiy do‘stligiga hissa bo‘lib qo‘shiladi, degan umiddamiz.

Taniqli adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar ishtirok etib, muallif va asarlar haqida iliq fikrlar bildirdi.
– Shoira Zilolaning har bir she’rida uning qalb tug‘yonlari, ko‘ngil kechinmalarini ko‘rish mumkin, – deydi notiq Rahim Jumaniyoz. – Shoira shunchaki yozmaydi. U so‘zlarni saralab, chertib eng go‘zalini she’rlarida ishlatadi. U so‘z yukini his qiladigan, so‘z uvolidan qo‘rqadigan ijodkor, desam xato qilmagan bo‘laman. Turkiyada turk tilida chop etilgan “Hulvo” haqida alohida to‘xtalmoqchiman. Tarjimon, shoir Rahmat Bobojonning mehnatini e’tirof etish kerak. O‘zbek adabiyoti tarjima maktabida ana shunday yosh avlod yetishib chiqayotgani quvonarli hol. Zilolaning ushbu ikki kitobi barcha adabiyot ixlosmandlariga muborak bo‘lsin.

Tadbir so‘ngida mehmonlarga shoira dastxati tushirilgan kitoblar tarqatildi.



D.Mamatova,
O‘zA muxbiri