“So‘g‘diyona” va yana uch jamoa nimchorak finalda
Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi guruh bosqichining 2-tur o‘yinlari nihoyasiga yetib, 4 jamoa 3-tur bahslari natijasidan qat’iy nazar, nimchorak final bosqichiga beriladigan yo‘llanma sohiblariga aylandi.
Qur’a jizzaxliklar uchun omadli keldi, deb bemalol aytish mumkin. Chunki ular proliga vakili Nukusning “Aral” hamda 1-liga ishtirokchilari bo‘lgan Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining “Sementchi” va Xorazm viloyati futbol akademiyasining “Xorazm FA” jamoalari bilan eng yengil sanalgan “A” guruhidan joy olgan edi.
O‘zbekiston chempionati superligasining ushbu guruhdagi yagona vakili bo‘lgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi mazkur tur doirasida o‘z maydonida “Sementchi” jamoasini qabul qilib, yirik – 4:0 hisobida g‘alaba qozondi va kubok o‘yinlarining nimchorak finali masalasini hal qildi.
O‘yinning 5-daqiqasidayoq “So‘g‘diyona” hujumchisi Sahob Rashidov vodiy jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, hisobni ochdi – 1:0. Uchrashuvning birinchi bo‘limi yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida maydon egalaridan Sardorbek Erkinov o‘rtadagi farqni yana bittaga oshirdi – 2:0.
Bahsning 2-bo‘limida ham ustunlik to‘liq mezbonlar tomonida bo‘ldi. Ushbu ustunlikni esa “So‘g‘diyona”ning yana bir yosh iqtidorli futbolchisi Sardorbek Hoshimov 51-, 56-daqiqalarda gollar urib, “dubl”ga erishdi va hisobning yanada yiriklashishini ta’minladi.
Shu guruhdagi yana bir o‘yin Urganchda bo‘lib o‘tdi. Unda “Xorazm FA” hamda “Aral” jamoalari o‘rtasidagi bahs 2:0 hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasining ishonchli g‘alabasi bilan yakun topdi.
O‘zbekiston kubogining o‘tgan yildagi sohibi “Andijon”, superliganing yana ikki vakili Samarqandning “Dinamo” va Termizning “Surxon” hamda 1-liga vakili bo‘lmish Buxoroning “Lochin” jamoalari esa anchagina og‘ir deb qaralgan “V” guruhidan joy olgan edi. Andijonliklar guruh o‘yinlarining 1-turida o‘z maydonida “Surxon”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa (2:3), 2-turda kutilmaganda Buxoro universiteti talabalaridan tashkil topgan “Lochin” jamoasiga 2:1 hisobida yutqazib qo‘ydi va guruh o‘yinlaridayoq keyingi bosqichda ishtirok etish baxtidan mahrum bo‘ldi.
Shuningdek, qur’a natijalariga ko‘ra – O‘zbekistoning amaldagi chempioni Qarshining “Nasaf”, o‘tgan yilgi vitse-chempion Olmaliqning OKMK hamda o‘zbek futbolining eng nomdor klubi Toshkentning “Paxtakor” jamoalari aynan bitta – “N”– “o‘lim guruhi”dan joy olgani, qur’aning ko‘zi ko‘r bo‘ladi, degan futbol naqlining yaqqol isboti bo‘lsa kerak. Har bir guruhdan ikkitadan, 1- va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar keyingi bosqichga yo‘l olishini hisobga olsak, ushbu jamoaning qaysi biri uchundir 3-tur o‘yinlaridan so‘ng nimchorak final eshiklari yopilishi turgan gap.
[gallery-23111]
Ikki o‘yindan yuz foizlik, ya’ni 6 ochko jamg‘argan “A” guruhidagi “So‘g‘diyona” jamoasi bilan birgalikda “B” guruhidan Samarqandning “Dinamo”, “F” guruhidan Navoiyning “Qizilqum” hamda “I” guruhidan Urganchning “Xorazm” jamoalari guruhdagi so‘nggi uchrashuv natijasidan qat’iy nazar, nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lishdi.
Guruhlardagi 3-tur o‘yinlari esa joriy yilning 13-14 hamda 20-21 may kunlari bo‘lib o‘tishi belgilangan.
A.Qayumov, O‘z muxbiri