Sogʻliq – sogʻinchdan ham, mehrdan ham ustun
Shu kunlarda oʻz hifzu himoyasida deyarli butun dunyo – uyda.
Shu kunlarda oʻz hifzu himoyasida deyarli butun dunyo – uyda. Illat tekkan kurrai zamin isitmada yonyapti. Bu kutilmagan balo dunyo iqtisodiyotida, jamiyatlar munosabatida, koʻngillar qatida, hatto qadriyatlarda ham misli koʻrilmagan oʻzgarishlar keltirib chiqardi. Ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, degan gapning ahamiyatini har qachongidan dolzarb boʻlib turganini tushunib yetmoqdamiz. Sogʻinchdan ham, mehrdan ham salomatlik birinchi oʻringa koʻtarildi.
Bir doʻstimiz bir necha yillar oldin Koreya Respublikasida ishlab qaytgan ekan. Bugun qoʻlimiz koʻksimizda masofa saqlab koʻrishdik. Kulib, koʻrganlarini aytib berdi.
Koreyada doʻstlar ham, dugonalar ham, ota-onalar farzandlari bilan ham, er-xotin ham ikki qoʻli yonida, egilib soʻrashadi, dedi. Bagʻriga bosish yoʻq, yuzidan oʻpib qoʻyish yoʻq, qoʻl berib soʻrashish yoʻq. Bir yil koʻrishmagan boʻlsa ham.
Odatda shunday ekan. Bizda hammi? Bolangizni bir kun bagʻringizga bosmay tura olasizmi?! Bizda buning teskarisi. Farzandlar yaxshi inson boʻlib voyaga yetishlari uchun har kuni bagʻriga bosib, unga mehr berish nasihat qilinadi. Bugunchi?
Har tong bolasi peshonasidan oʻpib ishga kuzatadigan, ishdan qaytganida bagʻriga mahkam bosib kutib oladigan ota-ona xavotirda.
Har tong qoʻshnisi, doʻsti, jamoadoshi bilan qoʻl berib, bir-birini quchoqlab koʻrishadigan birodarlar oʻz ehtiyotida.
Yuzini yuziga qoʻyib, bir-biriga tabassum ulashib, borliqni yorituvchi ayollarning yuziga niqob taqildi.
Toʻgʻri-da, asraganni – Oʻzi asraydi.
Kutubxonada yangi ish boshlaganimda bir ustozimiz oʻz tajribalari, fikrlari bilan oʻrtoqlashgandilar. Kutubxona shunday joyki, har qanday vaziyatda ham kutubxonachilar oʻz ish joyida boʻlishi kerak (oʻshanda urush nazarda tutilgandi). Tashlab ketish boʻlmaydi. Oʻshanda oq osmon guvoh – kitobni – millatning benazir milliy maʼnaviy merosini asrash shartligini bilganman.
Hozirda hamkasblarimizning aksariyati uyda qolishgan. Ayrimlari masofadan turib xizmat qilyapti. Ishxonamizga kirib kelar ekanman, har kuni kutubxonaga aʼzo boʻlish uchun turna qator boʻlib turadigan uka-singillarim koʻz oldimdan oʻtyapti.
Shunday kitobxonlarimiz borki, dam olish kunida ham, bayram kunlari ham, hatto yaqinda taʼmir jarayonida ham kutubxonaga qatnashdi. Ular shunday paytlarda har safar mendan ruxsat soʻrashadi: “Hech boʻlmasa foyeda (kitob) oʻqib oʻtiramiz”. Bajonidil rozi boʻlaman.
Karantin eʼlon qilinganda ham kelishdi. – Bu safar endi iloji yoʻq, sizning sogʻligʻingiz biz uchun muhim. Uyda qolib, oʻzingizni asrang, dedim.
Respublika boʻylab, Milliy kutubxona boshchiligida masofadan turib xizmat qilish yoʻlga qoʻyilgan. Xoh elektron koʻrinishda, xoh audio boʻlsin, soʻragan kitoblari internet orqali yetkazib berilyapti. Har kuni minglab shunday soʻrovlar bajarilyapti. Kattalarimiz vaqt qadrini teranroq his qilib, kitob oʻqish, farzandlarning mutolaasi bilan shugʻullanish naqadar muhim ekanini tushunib yetganlaridan xursand boʻlyapmiz.
Umidimiz shuki, Tangri taolo bu ofatdan, bu balodan, bu illatdan yurtimizni, yaqinlarimizni uzoq qiladi. Biz yana qadrdon jamoamiz bilan sevimli ishimizga qaytamiz. Kutubxona Sizga maʼrifat, ziyo tarqatishni boshlaydi. Biz Siz uchun ishdamiz, Siz biz uchun oʻzingizni asrang! Yurtimizni, dunyoni asrang.
Shohidbek Aslonov,
Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat
axborot-kutubxona marazi direktori