Sochlaringni sariqqa boʻyab nima qilasan!?
Inson borki, goʻzallikka intilib, moʻjizalar yaratib yashaydi.
Inson borki, goʻzallikka intilib, moʻjizalar yaratib yashaydi. Ayniqsa biz – xotin-qizlar husnimiz goʻzal, qaddi-qomatimiz kelishgan, bir soʻz bilan aytganda, hammaning diqqat-eʼtiborida boʻlishni xohlaymiz. Buning yomon tomoni yuq. Aytadilarku: “Dunyoni goʻzallik qutqaradi”, deb. Yana xalqimizda “Onangni otangga bepardoz koʻrsatma”, degan gaplar ham bor...
Aziz opa-singillar, keling, bugun uy yumushlari, roʻzgʻor tashvishlariyu pishir-kuydir hamda bola tarbiyasidan ortib, biroz oʻzimizga ham vaqt ajratamiz. Anchadan buyon taralmagan, yoʻgʻay boʻyalmagan sochlarimizga jilo bagʻishlash toʻgʻrisida gaplashamiz. Quruq maslahatning kimga keragi bor, deysizmi? Toʻgʻri aytasiz. “Holva” degan bilan ogʻiz chuchimaydi. Yaxshisi, anchadan beri turmush oʻrtogʻining oʻziga nisbatan beparvoligidan hadiksirab yurgan, ichini ming xil shubha-gumonlar kemirayotgan dugonamizga yordam beramiz.
“Mubina”, “Willa”, “Lady.D” “Beest salon” – xayolimizga kelgan salon nomlari. Poytaxtimizdagi mazkur salonlarning biriga borsak, boribmizda. Dugonam xursand. Xayolan sochlari boʻyalgan, imiji oʻzgarganini tasavvur qiladi. Yuzidagi nim tabassum, umid bilan boqayotgan koʻzlari menga harqalay shunday tuyuldi.
– Shoshilmang, oʻrtoqjon, – deyman jarayonni nimadan boshlashni bilmay. – Axir, sizning ikkita (uch yarim yoshli oʻgʻli, toʻrt oylik qizchasi) shumtakangiz ham borku! Ularni kimga qoldirib ketamiz. Yaxshisi, men avval shahrimizdagi “Goʻzallik” salonlaridagi qulayliklar bilan qiziqib koʻray. Balki ularda yosh bolalar uchun alohida moslashtirilgan xonalar bordir. Ana mushkulimiz osonlashdi. Shuni ham oʻylab oʻtiribmizmi? Zamonaviy salonlarning koʻpchiligida bunday imkoniyatlar yaratilganiga shubham yoʻq. Shunday deymanu, oʻzim ham salonning bir chetidagi kichik barda choyxoʻrlik qilib, musiqa tinglab, dugonamni kuta boshlayman. Sochining ranglari oʻziga yarashgan, husniga ming husn qoʻshilgan dugonam oldimga keladida: “Ketdikmi, oʻrtoqjon?” deydi. Ikkalamiz salondagi narigi, kichkintoylarni qoldirgan xonaga oʻtamizda, istarasi issiq, qorachadan kelgan, chamasi oʻttiz yoshlar atrofidagi ayol qoʻlidan toʻrt oylik bolani olamiz. Uning toʻpolonchi akasi esa oldimizga yugurib kelib, yana biroz sharik toʻldirilgan hovuzda oʻynashni iltimos qiladi. Uning qoʻlidagi sharik tap etib yerga tushib ketdida, xayolimni uchirib yubordi. Bir seskanib toʻgʻrimga qarasam, boyagi nigoh hali ham menga umid va sabrsizlik bilan boqib turibdi…
Bir emas, bir nechta koʻzga koʻringan “Goʻzallik” salonlariga borib chiqdim. Ammo ularning hech birida men xohlagan xizmat yuq edi.
– Salonimizda mijozlarga yuqori darajada xizmat koʻrsatiladi, – deydi “Lady.D” “Goʻzallik” saloni stilisti Nargiza Habibullayeva. – Ikki qavatli binoning birinchi qavatida erkaklar va ayollar uchun alohida xonalar mavjud. Bu yerda mijozlarga malakali “parikmaxer” (sartarosh) va makiyajchilar xizmat koʻrsatadi. Yuqori qavatda ham manikyur, pedikyur singari xizmat koʻrsatish xonalari bor. Kutish zali va undagi kichik bar mehmonlarimizga manzur boʻladi. Ammo hali bizda siz aytgandek bolalar xonasi yoʻq. Kelajakda, ehtimol siz aytgan xizmatni ham yulga qoʻyarmiz. Shunda yosh bolali ayollarga ham qulaylik yaratiladi.
“Aytganingiz kelsin!” deymanda, boriga shukr kilib, dugonamni oʻsha salonlarning biri “Mubina”ga olib boraman. Odam koʻp. Kichik bir xonada oltita koʻzgu qarshisida oltita oʻrindiq. Ularning aksariyati band. Tevarak-atrofdan xizmat turlari, qulayliklari, qolaversa, bahosi aks etgan “preyskurant” – narxnomani qidiraman. Devorning u yer-bu yerida mashhur qoʻshiqchi ayollarning, chiroyli qizlarning surati bor, xolos...
Topolmagach, “keling!” deya menga “maqsadga oʻting!” degandek qarash qilib turgan qizga yuzlanaman: “Siz kim boʻlasiz?”. “Nima kerak, sochingizni kestirasizmi?” deya savolimga savol bilan javob bergan bu qiz shu yerda ishlovchi sartaroshlardan biri ekan. Bizni kuzatib turgan dugonamning kulgusiga “Qayerdan bilay. Bizga oʻxshagan mijozlardan biri deb oʻylabmanda! Na formasi, na maxsus kiyimi, na oldida fartugi bor!” deb javob beray deymanu, ichimga yutib qoʻya qolaman. Buni qarangki, soch buyogʻini ham oʻzimiz bilan olib kelishimiz kerak ekan. Qiziq, salonda soch buyoqlari va shunga oʻxshash kerakli anjomlar boʻlmasa. Salon xodimasi bu holni quyidagicha izohlaydi: bu yerda ham (hozircha tugagan boʻlsada) soch buyoqlari bor, biroq bozor narxidan ancha qimmat. Shuning uchun buyoqni mijoz oʻzi bilan olib kelgani maʼqul.
“Parikmaxer”ning tavsiyalariga koʻra “Acme Color” deb ataluvchi soch boʻyogʻini olib keldik. Salonchi qiz boʻyoqni aralashtirib ishga kirishdi. Bir chetda oʻrindiqda oʻtirib, boʻyoq qutisidagi qoʻllash uchun koʻrsatmani oʻqiy boshladim. Undagi “Har bir boʻyash oldidan, albatta, mahsulotni qoʻllashdan 48 soat oldin terida sezuvchanlik sinamasini oʻtkazing” degan yozuvni koʻrib, sochlarga boʻyoq surtish harakatiga tushgan qoʻllarni toʻxtatib qoldim. Koʻrsatmada yozilishicha, terini sezuvchanlikka tekshirish muhim ehtiyot choralaridan biri hisoblanadi. Soch uchun moʻljallangan har bir boʻyoq allergik reaksiya yuz berishiga sabab boʻlishi mumkin. Sochni dastlabki marotaba boʻyashdan oldin allergiya sinamasini oʻtkazish tavsiya qilinadi. Buning uchun metalldan ishlanmagan idishchada ozgina miqdorda boʻyoq tayyorlanib, aralashmaning oz miqdori tirsakning ichki qismi yoki kaft terisiga surtiladi. Oʻttiz daqiqadan soʻng aralashma yuvib tashlanadi. Agar 48 soat davomida terida qizarish alomatlari yuzaga kelmasa, bu vositani qoʻllash mumkin boʻladi.
– Asosan sochlar 45-50 yoshdan boshlab oqara boshlaydi, – deydi dermatolog Goʻzal Alimova. – Sochlarni 40 yoshdan boshlab boʻyagan maʼqul. Yosh oʻtgan sari terining sezuvchanligi kamayadi. Turli soch buyoqlaridan foydalanish natijasida allergik kasalliklar bilan murojaat qiluvchilarning koʻpchiligini 35-45 yosh oraligʻidagi xotin-qizlar tashkil qiladi. Boʻyoqni notoʻgʻri qoʻllanganda, saqlanish muddati oʻtgan, saqlash qoidasiga rioya etilmagan boʻyoqdan foydalanganda, allergiya berish hollari kuzatiladi. Inson organizmi har xil boʻlganligi sababli, kimgadir mos tushgan boʻyoq boshqa birovga allergiya berishi mumkin. Shu sababli sochni boʻyayotganda har bir organizmga individual yondashgan maʼqul. Baʼzi bir xotin-qizlar sochlarini boʻyab yoz fasllarida quyosh nurida yurishadi. Quyoshning nurlari taʼsirida allergiya berib, bosh terisi achishib, yuzlari shishib, tibbiy yordamga ehtiyoj sezishadi. Agar vaqtida yordam koʻrsatilmasa, terida dogʻlar, toshma izlari qolishi mumkin. Ehtiyoj boʻlmasa, sochlarni boʻyamagan maʼqul. Sochlarning tabiiy rangiga hech qanday buyoq teng kelmasligini, ayniqsa, yosh qizlar anglab yetsa yaxshi boʻlardi.
Koʻcha-koʻyda negadir koʻpchilik yoshgina qizlar yarashsa-yarashmasa, sochlarini qora, sariq, malla, qizgʻish kabi ranglarga boʻyab olganiga guvoh boʻlamiz. Ular oʻzlarining bu odatlari bilan oʻzga millat vakillari, ajnabiy kino yulduzlari yoki qoʻshiqchilarga taqlid qilayotgandek, nazarimda. Baʼzi birovlarda sochning erta oqarishi kuzatiladi. Ana shu va boshqa kasalliklarda bu kabi vositalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir, balki. Ammo tabiiy, sogʻlom sochlarni har xil kimyoviy vositalar bilan “har koʻy”ga solish unchalik ham toʻgʻrimas. Axir, tabiiy goʻzallik, sochlarimizning tabiiy rangiga nima yetsin?! Momolarimiz soch parvarishiga alohida eʼtibor qaratishgan. Soch qiz bolaning husni, deya uni giyoh damlamalari, qatiq va zardobga yuvishgan. Bu nafaqat soch, balki boshga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, sochlarni tez-tez boʻyash inson salomatligi uchun xatarli ekan. Bunda sochlar kimyoviy boʻyoqlar taʼsirida sogʻlomligini yoʻqotadi. Oʻsishdan toʻxtab, soch toʻkilishi kuzatiladi. Ayni paytda buyoq hidi asab tizimiga, miya faoliyatiga aks taʼsir etishi ham mumkin.
Stilist Nargiza Habibullayeva xotin-qizlarning oʻzlariga oro berib yurishlari tarafdori ekanligini aytadi.
– Bu degani kimgadir yoki qaysidir serial kahramoniga taqlid qilish degani emas, – deya fikrlarini davom ettiradi. – Ayrim qizlar yosh boʻlishiga qaramasdan, sochlarini sariqqa boʻyab olishadi. Bu rang hammaga ham yarashavermaydi. Aksincha, yoshini ulgʻaytirib koʻrsatadi. Masalan, qorachadan kelgan, qora qosh, qora koʻz qizlarga sochlarini sariq rangga boʻyashlarini tavsiya qilmagan boʻlardim. Agarda ehtiyoj boʻlmasa, sochlarni boʻyamagan, imkoni boricha kamroq boʻyagan maʼqul ekan. Soch boʻyashdagi oraliq kamida ikki oy boʻlishi kerak.
Shuningdek, homilador, yosh bolali (sutdan ajralmagan goʻdagi bor) ayollar maʼlum vaqt kimyoviy boʻyoqlardan foydalanmaganligi maqsadga muvofiq. Negaki, inson vujudida ulgʻayayotgan goʻdakning tana aʼzolari shakllanishiga har qanday kimyoviy unsur, hidlar taʼsir qilib, nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Soch rangini tez-tez oʻzgartirib turish, yangi imij yaratish koʻpchilikka zavq bagʻishlaydi. Ammo salomatlik har narsadan ustun. Bundan tashqari ehtiyoj boʻlmasada, moda ketidan quvish doim ham yaxshi oqibatlarga olib kelmas ekan. Shu nuqtayi nazardan, “Goʻzallik” salonlarida sochni boʻyashdan oldin mijozga qaysi rang (yoki soch turmagi) yarashish-yarashmasligini koʻrsatish uchun uni avval kompyuterda modellashtirishni yoʻlga qoʻyish kerakmikin? Oʻshanda aksariyat kishilar oʻzlariga yarashmagan, yuz terisiga mos kelmaydigan rang yoki soch turmagini tanlamagan boʻlarmidi?
Tavsiyalarga koʻra, dugonam sochlarini uy sharoitida parvarishlayapti. Sochiga mos tushuvchi shampun bilan yuvib, petrushka damlamasida chayqayapti. Endi uning sochlari jilolanib turadi. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, turmush oʻrtogʻi unga tez-tez “Kundan kun ochilib ketyapsiz!” derkan. Demak, oilaning mustahkamligi ayol kishining botiniy va zohiriy goʻzalligi, oqilaligi, tejamkorligiga bogʻliq. Bunda esa, albatta, sizning toʻgʻri tanlovingiz juda muhim.