Soʻz erkinligini taʼminlash davlatimiz eʼtiborida
Soʻz erkinligisiz jurnalistikani, erkin jamiyatni, taraqqiyotni tasavvur qilib boʻlmaydi.
Soʻz erkinligisiz jurnalistikani, erkin jamiyatni, taraqqiyotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Soʻnggi uch-toʻrt yilda ilgari tasavvurimizga sigʻmayotgan soʻz erkinligi kirib keldi. Pirovardida, bugun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda misli koʻrilmagan bahslar, munozaralar ishtirokchisi va guvohi boʻlmoqdamiz.
Toʻgʻri, oramizda “Soʻz erkinligi bizning boshimizga bitgan balo boʻlmadimikin?” deya tahlikaga tushib qolganlar ham bor. Lekin men ularga Uinston Cherchilning gapi bilan javob qaytaraman: “Demokratiya – boshqaruvning eng yomon shakli boʻlishi mumkin, ammo insoniyat hali undan yaxshisini oʻylab topgani yoʻq!”.
Soʻz erkinligi, bu – muqobil fikr, degani. Muqobil fikrlardan eng haqqoniysini tanlash, degani. Rosti, bizda hali bunga koʻnikma va tajriba kam. Ammo hech qachon hech qaysi bir davlatchilik osonlikcha qurilmagan. Bunga uzoq va yaqin tariximiz guvoh. Maqsadga erishmoq yoʻlidan koʻp sinovlar hamda qurbonliklar, yoʻqotishlar bilan oʻtilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilgi saylovlardagi gʻalabasidan soʻng demokratik davlat sari intilish, soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va bahslashuvi bosh ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Hech kimni va hech nimani tanqid qilish niyatim yoʻq. Ammo bundan ilgari vaziyat qanday boʻlganini tajribali va hatto tajribasiz jurnalistlar ham yaxshi biladi. U paytlarda hali “bloger” atamasi yoʻq edi. Ijtimoiy tarmoqda yozgan odam ham hadik bilan yozardi. Stalin davrini koʻrgan biror odam chiqib, koʻzga tik qarab “Sen davlat siyosatiga qarshimisan?” yoki “Siyosat bilan oʻynashyapsanmi?” degan tahdid bilan istalgan “qahramon”ni ham iniga tiqib qoʻyardi.
Biz oʻzimiznikidan koʻra xorijdagi vazirlar va amaldorlar hayotini yaxshi bilardik. Birorta siyosatchining mahalliy televideniyeda chiqishiga izn yoʻq edi. Endi tasavvur qiling: soʻnggi uch yilda bizning vazirlar ham, senatoru deputatlar ham, hukumat aʼzolari ham xalqqa yaqinlashishga majbur boʻldi. Ularni Prezidentning ochiq va yangi siyosati bunga majbur qildi. Biz hokimlar, vazirlar bilan yuzma-yuz gaplashishga, achchiq va ochiq savollar berishga oʻrgandik. Hatto ularning nutqini eshitib, hayajondan adashgan paytlarida “qovun tushirdi” deya tanqid qilish urfga aylandi. Internetda ilgari xorijdagi xayplar modaga kirdi. Toʻgʻri-da, bir umr ogʻziga tolqon solib kelgan amaldorlar birdaniga soʻzlay boshladi. Bir umr lom-mim demagan odamning qovun tushirishi tabiiy edi-da. Axir biz ularni Angliya yoki Janubiy Koreyadan olib kelmagandik. Hammasi xuddi oʻzimiz singari eski tuzumning odamlari edi.
Mayli, bundan ham oʻtarmiz. Bizning amaldorlarimiz ham qovun tushirmaslikka oʻrganishar. Ammo biz bu “gripp”dan birga davolanishimiz kerak.
Oʻzbekiston bugun Sharq va Gʻarb davlatlari orasidagi eng sara tajribani olmoqchi. Baʼzida achchiq mevalarni yeyish ham nasib qilyapti. Va bu tabiiy...
Bizning siyosiy voqeligimizda Prezidentning viloyatlarga tashriflari va videoselektorlari yangi reallik boʻldi. Shavkat Mirziyoyev “planli” tashriflarni yoqtirmaydi. Oldindan tayyorlangan ssenariylarni inkor etadi. Tanlangan va oʻrgatilgan odamlar bilan emas, professionallar bilan gaplashadi. Koʻrgazmali uchrashuvlarni-ku umuman qabul qilolmaydi. Oʻta rasmiyatchilik bilan oʻtadigan yigʻilishlar ham uning tabiatiga zid.
Yodingizda boʻlsa, bir postimda aytgandim: videoselektor boʻladimi yoki uchrashuv boʻladimi, Prezident shoshmaydi. Xoh u tajribali mutaxassis boʻlsin, xoh katta amaldor, xoh viloyat yoki tuman hokimi, Prezident shoshmaydi, soʻzini boʻlmay tinglaydi. U oʻz qarorida professionalning fikriga tayanadi.
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka nomzod boʻlganida Qoraqalpogʻistonga borganida minglab odamlar orasiga kirib ketdi. Uni odamlar zich oʻrab oldi. Kimdir buni odamlar avval mamlakatning birinchi rahbarini koʻrmaganligiga yoʻydi, kimdir odamlarning muammolari toʻplanib qolgani, ular bilan oliy darajadagi muloqot boʻlmaganligi bilan izohladi.
Xalq dardu tashvishi, odamlar gʻami Prezident uchun qanchalik yaqin ekanini biz Buxoro va Sardobaga rejadan tashqari tezkor tashriflarda ham koʻrib, guvohi boʻldik. Pandemiya sharoitida Prezident himoya vositalarisiz oddiy odamlar orasiga kirib ketdi. Sirdaryo viloyatida davlat rahbari ikki sutka yashadi, odamlar ichida boʻldi. Uch-toʻrt mingkishilik litseylar, maktablarga, shuningdek, mahallalarga borib, odamlarni tinchlantirdi, kayfiyatini koʻtarishga harakat qildi. Ularni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan taʼminlashga bosh-qosh boʻldi. “Uylaringizdan suvni chiqarib beramiz, yoʻllaringizni taʼmirlab beramiz, dalalaringizni haydab beramiz” deya ularni ishontirdi. “Faqat ruhingizni tushirmang, kayfiyatingizni koʻtaring!” deya ularga koʻtarinkilik bagʻishladi.
Bu ishlarni poytaxtdagi muhtasham kabinetdan turib qilsa ham boʻlardi. Va odatda koʻp rahbarlar shunday qiladi ham.
Men buni Prezidentni maqtash uchun yozayotganim yoʻq. Prezident bunga muhtoj ham emas. Men yozayotganim uch holatda: koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardoba talafotlarida soʻz erkinligi hamda vaziyatni yashirmasdan, oshkora koʻrsatishni oʻz-oʻzidan deb bilish kerak emas. Bu Prezidentning siyosiy irodasi, uning oʻz yoʻlidan qaytmasligini koʻrsatdi.
Koronavirus boʻyicha birinchi kunlardan shunday boʻldi. Biz kasalni yashirmadik. Chunki yashirilganida albatta isitmasi oshkor qilar edi. Buni baʼzi bir qoʻshni davlatlar misolida ham koʻryapmiz. Bizda shu murakkab pandemiyaning kelishi, qancha odam kasallangani, unga qarshi qanday choralar koʻrilishi Prezidentning har bir selektorida ochiq, xalqdan yashirilmay yoritildi. Pirovardida, Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida maqtovga arzirli tajriba yuzaga keldi. Kundan-kunga kasallar soni kamaymoqda. Mamlakat karantindan yorugʻ yuz bilan chiqyapti.
Buxoro va Sardobada ham yuz bergan voqelar xalqdan yashirilmadi. Kerak boʻlsa, vertolyotdan va drondan olingan foto hamda videotasvirlar peshma-pesh namoyish qilib borildi. Odamlar dezinformatsiya, maʼlumotsiz qoldirilish siyosati ostida yashamadi.
Lekin biz yana bir narsaga oʻrganishimiz kerak. Bu – soʻz masʼuliyati. Soʻz erkinligini aslo suiisteʼmol qilmasligimiz lozim.
Sherzodxon QUDRATXOʻJAYEV,
jurnalist, siyosiy fanlar nomzodi.