SMTI rahbari konstitutsion islohotlar mazmuniga to‘xtaldi
O‘zbekiston Germaniya bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor
“O‘zbekiston – Germaniya: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusidagi konferensiyada ishtirok etayotgan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbari Eldor Aripov ikki tomonlama hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy islohotlar misolida tushuntirdi.
SMTI vakili Konstitutsiyaning yangi tahriridan kelib chiqadigan vazifalar asosida sherikligimizning qator istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berarkan, O‘zbekiston Germaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
– Birinchisi, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish.
Konstitutsiyaning yangi tahririda inson huquq va erkinligi ustuvorligi tasdiqlangan. Hokimiyat tuzilmalari o‘zboshimchaligini cheklash maqsadida fuqarolarning shaxsiy huquqi, demokratik institutlar faoliyati mustahkamlanmoqda.
Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari davlatning teng huquqli sheriklari darajasiga ko‘tarilib, ijro etuvchi hokimiyat va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati huquqiga ega.
Birinchi marta davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari noqonuniy xatti-harakati tufayli fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash uchun davlatning konstitutsiyaviy va huquqiy javobgarligi joriy etilyapti.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish, inson huquqi va erkinligini ta’minlashda sud hokimiyatini kuchaytirish bo‘yicha Germaniya tajribasini o‘rganishdan manfaatdor.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish, tegishli texnik ko‘mak va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirishga umid qilamiz.
Ikkinchidan, ekologiya va “yashil rivojlanish” sohasidagi hamkorlik.
Konstitutsiyaning yangi tahriri doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning ekologik huquqini himoya qilish va ta’minlash davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari majburiyati Konstitutsiyada muhrlanadi.
Birinchi marta fuqarolarning ekologik qonunchilikni buzish natijasida yetkazilgan zararni qoplash huquqi belgilanmoqda. Bu yangilik hatto rivojlangan demokratik davlatlar konstitutsiyalarida ham kamdan-kam uchraydi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston yuqori ekologik standartlarni joriy etish asosida qo‘shma sanoat sohasida Germaniya tomoni bilan hamkorlik qilishga tayyor. Germaniya biznesining tashqi iqtisodiy aloqani diversifikatsiya qilish va ta’minot zanjirlarida ehtiyotkorlik bilan ishlashga katta e’tibor beradigan O‘zbekistonga sarmoya kiritishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
Mamlakatimizning 2030 yilga kelib yangilanadigan energiya manbalari ulushini mamlakat energiya balansidagi 30 foizga yetkazish maqsadini, shuningdek, Germaniyaning muqobil energetikani rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda, “yashil” kun tartibini ilgari surish, energiya-samarali va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Uchinchidan, bu ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida davlat ta’limning nodavlat shakllarini qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oladi, akademik erkinlik, o‘qitish va ilmiy faoliyat erkinligi va xalqaro ilmiy hamkorlikni kafolatlaydi.
Bularning barchasi Germaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochib beradi. Xususan, aholi soni har yili 800 ming kishiga ko‘payib borayotgan O‘zbekiston uchun kasb-hunar ta’limi, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyaviy vazifa deb e’lon qilingan yana bir muhim yo‘nalish – hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatni mustahkamlash va rivojlantirish. Bu borada Germaniyaning savdo, transport, energetika sohasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish tajribasi qiziqishlarimizga mos keladi.
Yana bir ustuvor yo‘nalish nafaqat qo‘shni mamlakatlarning barqarorligi va xavfsizligi tinch va barqaror rivojlanishiga bog‘liq bo‘lgan Afg‘oniston bo‘lishi kerak. O‘tmishda olgan saboqlarimizni unutilmaslik kerak.
Biz bunga faqat muvofiqlashtirilgan muloqot orqali Afg‘onistonning yangi hukumati, jumladan, inson huquqlari masalalari, maqsadli ijtimoiy-iqtisodiy yordam, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarga qo‘shilish bilan tinch va barqaror rivojlanish yo‘liga yana qaytishi uchun zarur shart-sharoitlarni yarata olamiz.
Xulosa shuki, manfaatdorlik va foydalanilmagan ulkan salohiyatga tayangan holda, O‘zbekiston va Germaniya ikki tomonlama sheriklikni yangi darajaga ko‘tarish imkoniyati bor. Mamlakatlarimiz ekspert hamjamiyatlari esa bu maqsadga erishishga muhim hissa qo‘shishi mumkin.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA