Smolenskdan Berlingacha bo‘lgan olovli yo‘l
Toshkent shahri Olmazor tumani Achavot mahallasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abbos ota Appanov istiqomat qiladi. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari bilan otaning holidan xabar olish maqsadida xonadoniga kirib bordik. Bizni 97 yoshni qarshi olgan Abbos otaning o‘zlari peshvoz chiqib kutib oldi va mehmonlar uchun ajratilgan xonaga taklif qildi. Bir piyola choy ustida o‘tgan samimiy suhbat, 60 yil umrini ta’lim sohasiga bag‘ishlagan Abbos otaning gapga juda usta inson ekanligini ko‘rsatdi.
– Yoshligimdan juda qiziquvchan bo‘lganman va yaxshi o‘qiganman. Oilamiz ham ziyoli oila edi. 1941 yil o‘qituvchilar tayyorlaydigan ikki yillik oliygohning o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishini tugatganimdan keyin, hozirgi Toshkent tumanidagi 29-sonli maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladim. O‘qituvchilik faoliyatim hali ko‘p davom etmasdan, 1942 yilning fevral oyida ko‘ngillilar safida frontga ketdim, – deydi Abbos ota. – Urush men uchun Smolensk shahridan boshlagan. Keyin Belorussiyaga o‘tib, uni ozod etishda ishtirok etdim. Belorussiya ozodligini qo‘lga kiritganimizdan keyin, Polsha ozodligi uchun tinimsiz janglar qildik. Va nihoyat Polsha ham fashistlardan tozalandi. Polsha va Belorus fronti qo‘shilishi oqibatida I Belorus fronti tashkil etildi. Unga marshal Georgiy Jukov qo‘mondonlik qildi. Uning qo‘mondonligi ostida janglar qilib, Berlingacha bordik. 1945 yil 2 may kuni Berlin mutloq ishg‘ol qilindi. Smolenskdan Berlingacha bo‘lgan yo‘l, o‘sha vaqtdagi harbiy texnikalar bilan bosib o‘tildi. Bosib o‘tilgan yo‘llarimizdagi janglarni gap bilan tushuntirish juda og‘ir.
Suhbat shu yerga yetganida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, iste’fodagi podpolkovnik Marat Hakimov «Den Pobedы» qo‘shig‘ini kuyladi. Kuy va qo‘shiq ohangiga jo‘r bo‘lgan Abbos ota qo‘shiq tugagach yana urushdagi xotiralarni yodga oldi.

– Urush yillari frontga O‘zbekistondan ham san’at ahli borib turardi. Tamaraxonim kelganda ham bir necha marotaba ko‘rganman. Frontning sal orqaroq tomonida, imkon bo‘lsa sahnaga o‘xshatib yasatilgan joy, agar imkoni bo‘lmasa pasroq joylarda ham konsert dasturlarini namoyish qilishardi. Ayniqsa, yaralangan askarlar yotgan dala gospitalida ularning ko‘nglini ko‘tarish uchun raqs va qo‘shiqlar bo‘lardi. Yarador askarlar ham zerikib, ham og‘riqqa chiday olmay yotishardi. Bunday konsertlarni ular diqqat bilan ko‘rishardi. Aslida askarlarning ko‘nglini ko‘tarib, ulardagi jangovarlikni oshirishda san’atkorlarning ham xizmati juda katta bo‘lgan, – deydi Abbos ota. – Har bir kunimizning o‘zi juda katta bir epizod. Ularning har birini eslab gapirib berishim juda mushkul. Birgina vaziyatni aytib berishim mumkin. Belarusning Grodno shahri orqa tomonida Neman daryosi bor. Og‘ir janglardan keyin o‘sha daryoning bo‘yida, tushlik qilish uchun yig‘ildik. Ovqatni oldimizga olgan vaqtimizda birdaniga otishma bo‘lib qoldi. Yonimizda portlash bo‘ldi. Minami, bombami bilmay ham qoldik. O‘sha portlashda ikkita eng yaqin safdoshimdan ayrildim. Tinchib turgan paytda shunday vaziyat sodir bo‘lishini kutmagandik. Ovqat ham qoldi. Yana jangovar vaziyat, yana jang boshlandi. O‘zim ham portlashda yarador bo‘lgandim.

Yelkam va o‘ng qo‘limga portlashdan keyin temir parchalari kirib qolgan ekan. U paytlarda nima bo‘lishini o‘ylamasdik, nima bo‘lsa ham oldinga intilardik. Bizga g‘alaba kerak edi. O‘sha so‘zni eshitish uchun faqat oldingan harakatlanganmiz. Kunlarning birida dala gositalida yotganman. U yerda meni operatsiya qilishlari kerak edi. Yon-atrofimizda snaryadlar portlardi. O‘q ovozi tinmasdi. Shunda yonimga og‘ir holatdagi askarni operatsiyaga olib kelishdi. Oyog‘ini kesish kerak ekan. Vrach menga «Sening dardingdan ko‘ra bu askarning vaziyati og‘irroq, shuning uchun sen kutib tur», dedi. Oyog‘ini kesish kerak bo‘lgan askarga narkoz hidlatishdi. Menga teskari qarab yotishimni aytgan bo‘lsada, men baribir o‘sha tomonga qarardim. Ikki sanitar ayol qo‘lida arra bilan askarning oyog‘ini kesardi. Askar bo‘lsa juda qattiq va tez xirillardi. Operatsiya tugagach xirillashi ham sekinladi, keyin uni olib chiqib ketdi. Menga navbat kelganda narkoz hidlatmoqchi bo‘ldi. Yo‘q deb turib oldim. Narkozsiz ham operatsiya qilaver, men chidayman dedim. Ikki sanitar ikki tomonimdan ushlab turdi.
Vrach yelkam va o‘ng qo‘limdagi temir parchalarini olib tashladi.Bu voqealarni xotirlashimning sababi, shunday og‘ir sharoit bo‘lishiga qaramasdan, g‘alabaga har bir soha vakillari o‘z hissasini qo‘shganligini aytmoqchiman. Bunga o‘xshagan voqealar juda ko‘p bo‘lgan.
G‘alabani Berlinda eshitdik. G‘alaba bo‘lganligini eshitganimizdan keyin, vayronalar ostida qolgan asosiy katta ko‘chalarni o‘zimiz tozaladik. Chunki ko‘cha tozalanmasa, hech qayerga yurib bo‘lmasdi. Vayronalar ichida buzilmay qolgan xonadonlarda yashayotganlar, urush aslida ularning ham joniga tekkan edi, oq bayroqlarni ko‘tarib chiqib, tozalash ishlarida bizga qarashib yuborishdi. Berlinda «Treptov» degan parki bor ekan, halok bo‘lgan barcha safdoshlarimizni topib, o‘sha parkning ichiga dafn etdik.

G‘alabadan keyin Elba daryosidan 200 km uzoqlikda joylashgan Plauen shahrida 95-o‘qchi diviziyamiz joylashtirildi. Men o‘sha yerda yana bir yildan ortiq xizmat qildim. SSSR oliy soveti prezidiumining o‘qituvchilarni xizmatdan ozod qilish to‘g‘risida qarori asosida 1946 yil uyga qaytarildim, – deya Abbos ota frontdagi xotiralariga yakun yasadi.
Tashrifimiz tugab, ortga qaytar ekanmiz, Abbos ota yana ko‘cha eshigining oldigacha kuzatib qo‘ydi va yurtimizning tinchligiga ko‘z tegmasligini niyat qilib duo qildi.
Sherzod SHARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti