Slalomchilar Toshkentda saralandi
Poytaxtimizda slalomda eshkak eshish bo‘yicha U15 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Toshkent shahri, Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon va Samarqand viloyatlaridan jami 180 nafar sportchi, jumladan 24 nafar qiz ishtirok etdi. Yosh eshkak eshuvchilar K1 va S1 dasturlari hamda ekstremal slalom yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, K1 dasturida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent shahri vakili Murodjon Ashirboyev chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Nurjavohir Nuritdinov ikkinchi, Jamal Umarov uchinchi o‘rinni egalladi.
S1 bahslarida esa Toshkent viloyati sportchisi Sardorjon Zokirov g‘olib bo‘ldi. Murodjon Ashirboyev kumush, Samarqand viloyati vakili Dalerbek Bayanov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Qizlar o‘rtasidagi K1 dasturida Namangan viloyati vakilalari shohsupani to‘liq egalladi. Shaxina Yoqubova oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muqaddas Mirzaliyeva va Diyora Komiljonova mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni band etdi.
S1 yo‘nalishida ham Muqaddas Mirzaliyeva chempionlikni qo‘lga kiritdi. Diyora Komiljonova kumush, Farg‘ona viloyati vakili Mohinur Umurzoqova bronza medali sohibasi bo‘ldi.
Ekstremal slalom bahslarida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Nurjavohir Nuritdinov g‘olib chiqqan bo‘lsa, Murodjon Ashirboyev ikkinchi, Anasxon Rustamjonov uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasidagi ekstremal slalomda esa Muqaddas Mirzaliyeva chempionlikni qo‘lga kiritdi. Alisa Jeleznova kumush, Mohinur Umurzoqova bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Musobaqa mamlakatimizda slalomda eshkak eshish sport turini ommalashtirish, iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish hamda milliy terma jamoa uchun munosib zaxira tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA