Skaloni: “Bu jamoa qiyin vaziyatda ham hech qachon taslim bo‘lmaydi”
Murabbiy uchrashuv yakunlangach, ko‘z yoshlarini tiya olmagan holda qisqa uzr so‘rab, jurnalistlar savollariga javob bermasdan intervyu zonasini tark etgandi.
Lionel Skaloni JCH–2026 1/8 finalida Misr milliy terma jamoasi ustidan 3:2 hisobidagi irodali g‘alabadan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
"O‘ylaymanki, butun o‘yin davomida tashabbus biz tomonda bo‘ldi va ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratdik. Men zaxira o‘rindig‘ida sizlar kabi hayajonlanaman. Murabbiylikni aynan shunday hissiyotlarni yana bir bor boshdan kechirish uchun tanlaganman.
Bu haqda murabbiylar shtabi bilan ham ko‘p gaplashamiz. Futbol o‘ynagan insonlar uchun bunday tuyg‘ularni yana his qilish beqiyos.
Misr juda kuchli jamoa, ammo butun uchrashuv davomida tashabbus biz tomonda bo‘lganini his qildim. Ular faqat ikki-uchta tezkor qarshi hujum uyushtirdi.
Agar mag‘lub bo‘lish kerak bo‘lsa, shunday o‘ynab yutqazgan ma’qul. Mag‘lubiyatning ham turli ko‘rinishlari bor, ammo bu jamoa doimo oxirigacha kurashadi. Men juda hissiyotli odamman. Bunday lahzalarni boshdan kechirish aql bovar qilmaydigan tuyg‘u.
Bugungi uchrashuv bizni yanada chiniqtiradigan sinovlardan biri bo‘ldi. Bizning jamoamiz shunday: ishlar og‘irlashganda bor kuchini ishga soladi. Bir payt kelib o‘yinni o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonardik va aynan shunday bo‘ldi", — dedi Skaloni.
Eslatib o‘tamiz, murabbiy uchrashuv yakunlangach, ko‘z yoshlarini tiya olmagan holda qisqa uzr so‘rab, jurnalistlar savollariga javob bermasdan intervyu zonasini tark etgandi.