Sizga ta’zimdamiz, muhtaram ayol
Bayramlar bahonasida o‘ksik ko‘ngillarni ko‘tarish, g‘amgin dillarga quvonch ulashish insoniylik fazilatlaridan sanaladi. Ayniqsa, munis onaxonlar, muhtarama ayollar bir og‘iz shirin so‘z-u bir dona guldan ko‘zlari porlaydi, qalblar quvonchga to‘ladi. Zero, qay bir yurtda ayollar, onalar e’zozlanar ekan, shu joyda mehr-oqibat, birdamlik va baraka bo‘ladi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ma’naviyat xodimlari mahallalarda bo‘lib, kayvoni onaxonlar, opa-singillar holidan xabar olmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan “Sizga ta’zimdamiz, muhtaram Ayol” loyihasi tashkil etildi.


Farg‘ona tumanidagi “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Rahimaxon Kenjaboyeva matonatli onalardan biri. Farzandidan yodgor bo‘lib qolgan Bibisorani chaqaloqligidan oq yuvib, oq taradi, munosib tarbiyalab voyaga yetkazdi. Birinchi guruh nogironi, to‘shakka mixlangan bu qiz 17 yoshga kirdi. Onaxon bor mehrini unga bag‘ishladi.



Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov hamda targ‘ibotchilar mazkur xonadonda bo‘lib Rahima opani bayram bilan tabrikladi. Oila a’zolariga shirin so‘z aytib, imkon qadar ko‘ngillarini ko‘tardi. Shuningdek, mazkur mahallada yashovchi, 1-guruh nogironi Risolatxon aya Ahmadova, Bo‘ston mahallasida istiqomat qiluvchi Fotimaxon Dadajonova, Boqiyaxon Apponovalar xonadonidagi yo‘qlovlar ham ularni behad mamnun etdi.


– Bayram kunlari xonadoningga yo‘qlab kelishsa, boshing osmonga yetarkan. Sovg‘a yoki moddiy yordam o‘z yo‘liga-yu, bir og‘iz shirin kalomning o‘rni boshqachada, – deydi uzoq yillar kutubxonada ishlab nafaqaga chiqqan Fotimaxon Dadajonova. – Shunday ezgu an’analari bor yurtda yashayotganimdan mamnunman. Ilohim, yurtimiz tinch, yurtboshimiz omon bo‘lsin.
Yo‘qlovlar paytida bunday duolar, minnatdorlik izhorlari ko‘p bora aytildi. Mungli ko‘zlar quvonchdan porladi, bemor vujudlarga kuch-g‘ayrat kirdi go‘yo.

– Umrimning yarmi shifoxonada hamshiralik bilan o‘tdi. Taqdirning turli zarbalarini ko‘rdim, lekin fuqarosini tashlab qo‘ymaydigan shunday yurtda yashash zavqi hamisha dalda bo‘ldi. Bayram barchaga muborak bo‘lsin, – deydi ko‘zlariga yosh olgancha Boqiyaxon opa.
Loyiha doirasida yana qator xonadonlarga borildi, sovg‘alar ulashildi, she’r-qo‘shiqlar ijro etildi. Bir so‘z bilan aytganda, qalblarga bayram kayfiyati olib kirildi. Tadbirlar shahar-tumanlarda davom etmoqda.
N.Bozorova, O‘zA