“Siz doim e’zoz va e’tibordasiz”
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyati Xayrobod garnizonidagi harbiy qism xizmatchilari tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan Oltinsoy tumanida tashkil etilgan tadbir ana shunday nomlandi.
Harbiy xizmatchilar dastlab tuman markazidagi motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Janglarda halok bo‘lgan mard, jasur o‘g‘lonlar xotirasi yodga olindi. Ikkinchi jahon urushi aks etgan sahna ko‘rinishlari, jangovar ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Tadbirda tinch, obod mamlakatda biz bilan bir safda yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, nogironlari hamda front orti mehnat faxriylari ulug‘landi. Harbiy orkestr urush yillarida yangragan kuy-qo‘shiqlarni ijro etib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va ajdodlar jasoratiga hurmat ruhida ulg‘ayishga, tinch, farovon hayotning qadriga yetib yashashga undadi.
Viloyatdagi harbiy qismlar xizmatchilari tomonidan boshqa hududlarda ham shunday tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA