Siz borsizki, sarhadlarimiz osoyishta
Dadasining harbiy furajkasini boshiga kiyib olib, xona bo‘ylab shaxdam qadamlar tashlab yurayotgan 6 yashar Ulug‘bek bir qo‘lini boshiga tutib, «Men Vatan himoyachisi bo‘laman», deya baralla takrorlardi.
Ulug‘bek esini taniganidan boshlab dadasining harbiy kiyimlariga mahliyo bo‘lib, ularni kichik jussasiga kiyib olgancha shu odatini hech kanda qilmasdi. Uni kuzatib turgan dadasi va oyisi kulishib, «otasini bolasi-da» deb qo‘yishardi.
Ha, Ulug‘bekning tomirida harbiy otasining jasorati, matonati, qahramonligiyu fidoyiligi, mardligi jo‘shib oqadi. Uning shijoatida, shaxdam qadamlarida, xatti-harakatiyu xarakterida Vatanning sodiq va fidoyi himoyachisi bo‘lishdek yuksak maqsadning kurtaklari mujassam, ona yurt sarhadlarini mardonavor himoya qilishga arzigulik ilk belgilar namoyon. Otasining bolasi padari singari elu yurtga fidoyi, sadoqatli, azmu shijoatli harbiy xizmatchi bo‘ladi, nasib etsa!
Aslida har bir o‘zbek o‘g‘lonining qon tomirida, jon-jonida ana shunday Vatanga muhabbat va fidoyilik hissi jo‘sh uradi. Illo, o‘zbekning Alpomishu To‘maris singari ming yilliklarga daxldor el qahramonlari, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda o‘g‘lonlaridan meros mardlik, jasurlik bugungi avlodlarning ham vujudida, ongu shuurida o‘z so‘zini aytadi. Vatanga sodiqlik, uning himoyasiga qasamyod qilish va hamisha shay turish, yurt osoyishtaligiga bel bog‘lash har bir o‘zbek farzandining ham havasi, ham maqsad-muddaosi, ham burchiyu or-nomusidir!
Vatan himoyasida qalqondek turgan yurt o‘g‘lonlari! Siz borsizki, sarhadlarimiz tinch, osoyishta. Siz bedorsizki, biz osuda, xotirjam, shirin uyqudamiz. Sizning behalovatligingiz evaziga biz huzur-halovatda, qalb xotirjamligida yashayapmiz, farzandlarimizni bexavotir o‘stiryapmiz, o‘qityapmiz, bamaylixotir ishlayapmiz, Vatanimiz obodligiyu osoyishtaligidan ilhomlanib, ijod qilayapmiz.
Jajji o‘g‘illarimiz sizning jasoratingizdan, matonatingizdan, shijoatingizdan ruh olib, metin irodali bo‘lishga intilmoqda, sizga ergashishga havasmand bo‘lmoqda. Sizlar yangi avlod o‘g‘lonlarimizga namuna bo‘layotirsiz.
Yurtning pahlavon va qahramon o‘g‘lonlarini o‘z tarkibida jamlagan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. Tarixan qisqa vaqt ichida milliy armiyamiz bu boradagi boy tarixiy tajriba va merosimizga tayangan holda mustahkamlandi, rivojlandi, har tomonlama boyidi. Mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini ta’minlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolatiga aylandi.
Qurolli Kuchlarimiz tarkibi jismoniy va ma’naviy yetuklik bilan har qanday vaziyatga shay holatda turadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida «bugungi globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shunday g‘oyat mas’uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda», dedi.
Darhaqiqat, bugun Vatanimiz sarhadlarini mustahkam himoya qilishda mard va bahodir, o‘z qasamyodiga sodiq, metin irodali harbiylardan yanada faollik va fidoyilik talab etiladi. Shunday ekan, Ona Vatanga qalqon bo‘lishda, xalqimizga suyanch bo‘lishda hech qachon tolmang, yurt posbonlari!
Muhtarama Komilova, O‘zA