Siz biz uchun qadrlisiz!
Farg‘ona shahridagi Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Siz biz uchun qadrlisiz” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirga shahar va tumanlardan profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar taklif qilindi.
[gallery-14639]
Profilaktik hisobda turgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida, sifatli hal etish, ularga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy, psixologik va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashish maqsadlariga yo‘naltirilgan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda ayollar manfaati ustuvorligini yo‘lida qilinayotgan ishlar xususida so‘z yuritdilar. O‘z navbatida tadbirga taklif etilgan opa-singillarimiz ozodlikning qadriga yetish, oilasi, farzandlari davrasida baxtli yashash kerakligi haqida to‘xtalib, o‘zlariga bildirilgan ishonch va imkoniyatlar uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Shundan so‘ng ishtirokchilarga sovg‘alar ulashildi, xonandalar ijrosidagi qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Shu kuni xotin-qizlar uchun mehnat yarmarkasi hamda tibbiy ko‘rik tashkil etildi, ular uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar bepul tarqatildi.
O‘zA fotomuxbiri Muqimjon QODIROV olgan suratlar.