Siyosiy jarayonga tayyorgarlik boshlandi
Buxoro davlat universitetida siyosiy partiyalar xodimlari va mahalliy kengash deputatlarining o‘quvi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda mamlakatimizdagi siyosiy partiyalarning vakillari, deputatlar, faollar qatnashmoqda.
O‘quvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy partiyalar vakillari bilan joriy yilning 2 fevralida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash va joriy yilda, mamlakatimizda o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘tkazilmoqda.
[gallery-1330]
– Bunday o‘quvlar juda ham kerak, – deydi O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasidan saylangan viloyat kengashi deputati Bobomurod Ochilov.
– O‘quvlarda tajribali ustozlar tomonidan berilgan bilimlar saylovchilar bilan uchrashuvlarda beriladigan savollarga javob topishda qo‘l kelmoqda. Saylov qonunchiligi bilan bog‘liq yangiliklar, Davlat rahbarining Oliy majlisi va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasi mazmun-mohiyati, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi borasida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Albatta, o‘quv jarayonida olingan bilimlarimizni xalq bilan muloqot davomida amaliyotga tatbiq etamiz.
O‘quvlar joriy yilning may oyigacha davom etadi. Bunda siyosiy partiyalarning vakillari, deputatlar, faollar guruhlarga bo‘lingan holda siyosiy bilimlarini oshiradi.
O‘quvlar siyosiy arboblar, professor-o‘qituvchilar, olimlar tomonidan o‘tiladi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov(surat)
O‘zA