Sirdaryolik nuroniylar holidan xabar olindi
Shundan soʻng, hududdagi fuqarolar yigʻini raislari, mahalla faollari va yoshlari ishtirokida “Salomatlik uchun 5000 qadam” aksiyasi oʻtkazildi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari Sodiqjon Turdiyev keksalar holidan xabar olish, ularni qiynayotgan muammolarni atroflicha oʻrganish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida Sirdaryo viloyatining bir qator hududlarida boʻlib, nuroniy va yoshlar vakillari bilan uchrashdi.
Jumladan, Sirdaryo tumanidagi “Oqibat” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida soha xodimlari, keksa va nuroniylar ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirda Davlatimiz rahbarining joriy yil 13-oktyabrdagi Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” mahallasiga qilgan tashrifi vaqtida Sirdaryo tajribasi asosida aholi orasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish taklifini ilgari surganligi, haqiqatdan ham jismoniy faollik va toʻgʻri ovqatlanishning inson salomatligi va uzoq umr koʻrishida muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng, hududdagi fuqarolar yigʻini raislari, mahalla faollari va yoshlari ishtirokida “Salomatlik uchun 5000 qadam” aksiyasi oʻtkazildi.
S.Turdiyev Sardoba tumanida yashovchi, uzoq yillar yurt rivoji yoʻlida samarali mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan bir guruh faxriylar holidan xabar oldi. Jumladan, tumanning “Fayzliobod” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi faxriy murabbiy, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Xolmoʻmin hoji bobo Shukurov xonadonida boʻlib, u bilan dildan suhbatlashdi.
Shuningdek, viloyatning Sayxunobod tumanidagi “Yoshlar istirohat bogʻi”da oʻtkazilgan uchrashuvda aholining jismoniy faolligini oshirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi borasida soʻz yuritildi.
— Koronavirus infeksiyasi insonlarning salomatligi, hayotiga xavf solayotgan bir paytda hammani virusdan zararlanganda qanday qilib undan tez va oson qutulish mumkin, degan savol qiynamoqda, — dedi vazir oʻrinbosari Sodiqjon Turdiyev. — Muammoning eng samarali yechimi sogʻlom turmush tarziga amal qilishdir. Bu nafaqat virusdan himoyalanish, balki uzoq va baxtli hayot kechirishning eng asosiy qoidasi, talabi hamdir.
Kasallikning kuchli asoratlari va oʻlim holatlari asosan yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, oʻpkaning surunkali kasalliklari boʻlgan yoki ortiqcha vaznga ega hamda tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilgan, kam harakat insonlarda uchramoqda. Shuni unutmaslik kerakki, kasallikning yengil kechishi yoshga bogʻliq emas, aksincha, katta yoshda boʻlsa ham toʻgʻri ovqatlangan, jismoniy faol boʻlgan insonlarga bu xastalik jiddiy xavf tugʻdirmaydi.
Sogʻlom turmush tarzining asosi esa jismoniy faollik va toʻgʻri ovqatlanishdir. Shu bois Sayxunobod tajribasi asosida aholini koʻproq yurish, toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilishlariga odatlantiramiz. Har bir mahallada aniq bir vaqtda oʻzaro masofa saqlagan holda keksayu yoshlarni yurish marofoniga chorlaymiz. Odamlar buning foydasini tushunib yetgachgina uzoq masofaga yurish, toʻgʻri ovqatlanishni odatga aylantiradi.
Shuningdek, S.Turdiyev mahallalar oʻrtasida “Eng sogʻlom mahalla”, “Eng sogʻlom koʻcha” tanlovlari oʻtkazilib, oʻz salomatligiga befarq boʻlmagan, sogʻlom turmush tarziga amal qilgan fuqarolarni turli mukofotlar bilan ragʻbatlantirib borilishini aytib oʻtdi.
Uchrashuv soʻngida yigʻilish qatnashchilari ishtirokida “Salomatlik uchun 5000 qadam” marafoni uyushtirildi.
Qolaversa, “Shodlik” mahallasida keksa nogironlar holidan xabar olinib, ular tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi. Koʻrik davomida keksalarga zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilib, homiylar tomonidan ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Shundan soʻng vazir tuman hokimi B.Mirzaqulov bilan birgalikda joriy yil qurib bitkazilgan “Ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi hamda hududda istiqomat qilayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi.