Sirdaryolik jurnalistlar Bulung‘urga keldi
Sirdaryo viloyatidagi gazetalar muharrirlari, televideniye xodimlari va internet nashrlar vakillarining Bulung‘ur tumaniga ijodiy safari uyushtirildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo va Samarqand viloyatlari bo‘limlari hamda Bulung‘ur tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbir qatnashchilari dastlab tumandagi «Samarqand garden plast», «Maroqand sifat» korxonalarida bo‘lib, ularning ish faoliyati bilan tanishdi.

Shundan so‘ng «Bulung‘ur hayoti» gazetasi tahririyatida ijodiy muloqot o‘tkazildi. Sirdaryolik jurnalistlar tahririyatning yangi binosida bulung‘urlik hamkasblari ish faoliyatini kuzatdi, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarga guvoh bo‘ldi.
– Bugun aksariyat bosma nashrlarda obuna kamayib, tahririyatlar qiyin ahvolda qoldi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev.
– Muassisi qo‘llab-quvvatlayotgan, shuningdek, zamon bilan hamnafas bo‘lib internetda ham o‘z sahifalarini tashkil etgan, tezkor va tanqidiy-tahliliy materiallar tayyorlayotgan ijodiy jamoalar barqaror ishlayapti. «Bulung‘ur hayoti» gazetasi tahririyati faoliyati bilan tanishuv shu nuqtai nazardan bizning tuman, shahar gazetalarimiz muharrirlari uchun foydali bo‘ldi.

Uchrashuvda tuman hokimi B.Bahromov ham ishtirok etib, hududda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
– Bunday ijodiy safarlar bizni ilhomlantiradi, hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashishimiz uchun qulay imkoniyat yaratadi, – deydi «Yangi Sirdaryo» gazetasi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva. – Bulung‘urga safarimiz ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, «Bulung‘ur hayoti» tahririyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka havasimiz keldi.
G‘.HASANOV, O‘zA