Sirdaryoda "Yoshlar va sportchilar bog‘i"
Yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi davom etmoqda. Mazkur ezgu tashabbusda sirdaryolik yoshlar hamda sportchilar faol ishtirok etishmoqda.
Bugun erta tongdan viloyatning Sirdaryo tumanidan o‘tgan “Toshkent-Dushanbe” yo‘nalishidagi “M34” magistral yo‘li bo‘yida viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tizimidagi sportchilar hamda xodimlar ishtirokida "Yashil makon yaratishda birlashamiz" shiori ostida ommaviy ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi.

Aksiya ishtirokchilari tomonidan barpo etilayotgan "Yoshlar va sportchilar bog‘i" hududida 1000 nafardan ziyod yosh va sportchi jam bo‘ldi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Maqsudbek Sirojidinov aksiya ishtirokchilariga ushbu bog‘da ekilgan ko‘chatlar yillar o‘tib, insonlar salomatligi uchun xizmat qilishi haqida gapirdi.

Shundan so‘ng yoshlar va sportchilar bog‘ hududida ko‘chat ekish ishlariga kirishdi. Ushbu aksiya davomida 1500 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chati ekildi.
Sh.Suyarov,
O‘zA muxbiri