Sirdaryoda yangi IES quriladi
Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 1,5 GVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishi rejalashtirildi.
Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 1,5 GVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishi rejalashtirildi.
Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“ACWA Power” kompaniyasi qurilish boshlashga kirishishdan avval tuproqni o‘rganish ishlarini boshladi. Yangi issiqlik elektr stansiyasi Sirdaryo IES yaqinida barpo etiladi va zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari bilan (BGQ) jihozlanishi tufayli uning samaradorligi amaldagidan 1,7 barobar yuqori bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, yangi IESning umumiy quvvati 1250-1500 MVtga teng bo‘ladi. Sirdaryo IES energobloklaridan deyarli ikki barobar samarali bo‘lgan H/J toifasiga mansub ikkita bug‘-gaz qurilmasi o‘rnatiladi. Bu shuni anglatadiki, yangi qurilmalar tabiiy gazning shartli miqdori hisobidan ikki barobar ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Sarmoyador samaradorligi 60 foizdan yuqori bo‘lgan, yiliga 10 milliard kVt/s elektr energiya ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lgan qurilmalarning eng oxirgi modellaridan foydalanadi.
Yangi issiqlik elektr stansiyasining qurilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi va ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uzoq muddatli shartnoma asosida sotiladi.
Qayd etish kerak, mazkur investitsiya loyihasi muhokamasi O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonovning joriy yil 7 fevral kuni Saudiya Arabistoni energetika vaziri o‘rinbosari Abid bin Abdulla as-Saʼdun boshchiligidagi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan edi. Delegatsiya tarkibida “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan va kompaniyaning boshqa mutasaddi vakillari ham bor edi.
Avvalroq Energetika vazirligi “ACWA Power” kompaniyasini Navoiy viloyatida davlat-xususiy sherikchilik asosida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishiga jalb etish rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.
Ushbu elektr stansiyasi 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Hozirda uning qurilishi uchun maqbul maydonchani aniqlash borasida qizg‘in ish olib borilmoqda.