Sirdaryoda “Uchenik goda” tanlovi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida ta’lim-tarbiya o‘zbek tilida o‘tiladigan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-, 10- va 11-sinflari o‘quvchilari o‘rtasida rus tilida “Uchenik goda” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida, ta’lim muassasalarida xorijiy tillarning o‘qitilishi, jumladan, rus tili fanining o‘qitilishiga ham alohida e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risidagi va joriy yilning 6 may kuni Prezidentimiz rahbarligida, chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘zbek tilida saboq olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida mazkur tanlov tashkil etildi.
– Sirdaryo viloyat xalq ta’limi boshkarmasining tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tanlovda maktab, tuman va shaharlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 40 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchi-yosh ishtirok etdi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Olimjon Baratov.
– Ushbu ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, yosh iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, farzandlarimizni rus tiliga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularni rus tilida og‘zaki nutqini o‘stirish, g‘oliblarni rag‘batlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarda tanlovda o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ustoz-muallimlarining shogirdlariga saboq berish uslubini keng ommalashtirishdan iborat.
Shuningdek, bu kabi tanlovlarni boshqa xorijiy tillar bo‘yicha ham o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
[gallery-2495]
Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida g‘oliblik Oqoltin tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ilsiya Kabenovaga nasib etdi. 2-o‘rin esa Guliston shahridan Behruz Ahmadaliyevga, 3-o‘rin xovoslik Ruxshona Malikova hamda Boyovut tumanidan Oydinoy Yoqibjonovaga nasib etdi.
10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida oqoltinlik Madina Maxrojovaga teng keladigan raqib topilmadi. 2 va 3-o‘rinlarni Sayxunobod tumanidan Umida To‘xtamisheva hamda sardobalik Violetta Davidova egalladi.
9-sinfda tahsil oluvchi o‘quvchilar bahsida Oqoltin tumanidan Taxmina Dehqanova g‘olib deb topilgan bo‘lsa, 2-o‘rin Yangiyer shahridan Diyora Anvarovaga, 3- o‘rin esa Guliston shahrida istiqomat qiluvchi Diyora Narzullayevaga nasib etdi.
Ushbu ko‘rik tanlovda Oqoltin tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabining rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Nazibe Nigmatullinaning 3 nafar o‘quvchisi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ko‘rik-tanlovning barcha g‘olib va sovrindorlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining deputati Shuhrat Ergashevning homiyligida tanlovda 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar uchun 1 kunlik Toshkent shahriga bepul sayohat tashkil etiladigan bo‘ldi.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA