Sirdaryoda ma’naviyat festivali
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida boshlangan ma’naviyat festivali Guliston shahridagi “Bilimdonlar maskani” da start oldi.
Toshkentdan tashrif buyurgan bir guruh olimlar, shoirlar, san’atkorlar, ma’naviyatchilar, targ‘ibotchilar Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Behzod Ismatov boshchiligidagi sirdaryolik ziyolilar guruhi tomonidan non-tuz va anvoyi guldastalar bilan kutib olindi.


Mehmonlar Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi. So‘ngra festival qatnashchilari guruhlarga bo‘linib, viloyatning Shirin shahri, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin tumanlariga yo‘l oldi. Tadbirlarda madaniy-ma’rifiy Vatanimiz tarixi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik mavzularida so‘z bordi.
Vatan madhi, milliy qo‘shiqlar va maqom, baxshilar chiqishlari, madaniyat va san’at haqidagi suhbatlar, mulohazalar, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” kitobi va 12 ta plakatlar taqdimoti qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi.


–Mustaqillikning 32 yilligi arafasida “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘tayotgan ma’naviyat festivalida ishtirok etayotganimdan juda ham mamnunman, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova. – Sirdaryolik yurtdoshlarim bilan festival tufayli yaqindan suhbat qurdim. Ayniqsa, opa-singillarimizni biz san’atkorlarga bo‘lgan ehtiromini samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan suhbatlarimiz davomida qalban his etdim. 30-40 yil avval kuylagan qo‘shiqlarim haqida so‘zlashganda boshim ko‘kka yetdi. Men Sirdaryo xalqidan bugun katta kuch olib, ilhomlandim.
Tadbirlar hududlarda, mahallalarda oqshomga qadar davom etdi. Viloyatda ma’naviyat festivali ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.


Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri