Sirdaryoda "Elektron poliklinika" va "Elektron axborot"
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash tizimida yil so‘nggiga qadar "Elektron poliklinika", "Elektron axborot” tizimlari to‘liq ishga tushadi.
Bu esa, shifoxona va poliklinikalarda turnaqator bo‘lib navbat kutishlarga, ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yadi.Va shu bilan birga barcha ishlarni tizimli olib borishga, tezkor aniqlikda ishlashga, eng asosiysi, shifokorlarning bemorlar uchun ko‘proq vaqt ajratishi uchun sharoit yaratadi.

Ahamiyatlisi, hozirgidan farqli o‘laroq, bemorga tahlillar yozilgan qog‘ozlar emas, shifokor tomonidan kerakli tibbiy tahlillar belgilanib, "Elektron poliklinika" dasturi orqali laboratoriyaga yuboriladi. Bu esa bemor va shifokorning vaqtini tejabgina qolmay, tibbiy ma’lumotni xavfsiz saqlash, shu bilan birga fuqarolarga onlayn ro‘yxat asosida shifokor qabuliga yozilish, shifokorga esa bemor salomatligini masofaviy monitoring qilish, elektron retsept yozib berish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkonini bersa, "Elektron axborot" tizimi orqali inson hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar bazasi shakllanadi.
– Eng asosiysi, Sirdaryoda bu boradagi ishlar boshlangan. Ayni vaqtda davlatimiz rahbarining mazkur qarorida qayd etilganidek, raqamli texnologiyalarni birlamchi bo‘g‘inga tatbiq etish maqsadida "Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratori UZINFOCOM” MCHJ tomonidan lokal tarmoq tortish ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu ishlar to‘lig‘icha nihoyasiga yetgach, ayni vaqtda foydalanishda bo‘lgan qator tizimlar o‘rnini yagona, DMED tizimi egallaydi. Bu tizimni to‘lig‘icha ishga tushirish uchun yana 2013 dona kompyuter kerak. Agar zarur kompyuterlar o‘z vaqtida keltirilsa, ushbu ishlar yil so‘nggiga qadar tugatilib, to‘lig‘icha ishga tushadi. Bu esa, yuqorida ta’kidlanganidek, ham bemorga, ham davolovchi shifokorga qator qulayliklarini taqdim etadi, –deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmuhammad Turdiboyev.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri