Sirdaryoda bayram tantanalari davom etmoqda
Asosiy bayram tantanalari Guliston shahrida “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi.
Sirdaryo viloyatining barcha tuman, shaharlari va harbiy qismlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Asosiy bayram tantanalari Guliston shahrida “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi.
Marosimda viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, to‘rtta sektor rahbarlari, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Guliston shahridagi Milliy gvardiya qo‘shinlari, harbiy qismlar ofitser, serjant va askarlari, viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari, nuroniylar va faol yoshlar ishtirok etdi.
Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi qoshidagi Chirchiq harbiy orkestri marsh sadolari ostida harbiy parad va harbiy texnikalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Bayram tantanalari viloyat musiqali drama teatrida davom etib, viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoevning Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Viloyat hokimi Prezidentimiz farmoni bilan taqdirlangan “n” harbiy qism vzvod komandiri, kapitan Saidjon Yusupovga “Shuhrat” medalini tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizovning buyrug‘i bilan “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi O‘tbosar Abdiev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Nargiza Xolmurodovalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Respublika poytaxtidan kelgan va viloyat san’atkorlari, yosh iqtidorli san’atkorlar harbiy formada namoyish etgan konsert dasturi yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab bayram tantanalari Guliston shahridagi “Farovon” tantanalar majmuasida bayram dasturxoni atrofida davom etmoqda.
Tadbirlarda viloyat hokimi G‘.Mirzaev so‘zga chiqdi.