Sirdaryoda bayram keng nishonlandi
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi o‘z vaqtida xalqimizning istiqlolga bo‘lgan umid-ishonchi, milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirdi, mustaqilligimizning o‘ziga xos poydevori vazifasini bajardi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sirdaryoda ushbu bayramda o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyga o‘rnatilgan haykal poyiga gulchambarlar qo‘yish yaxshi an’anaga aylangan.
[gallery-9225]
Ona tilimizni ulug‘lovchi hikmatli so‘zlar, uning jamiyatimizdagi o‘rnini tavsiflovchi she’riy satrlar aks ettirilgan targ‘ibot vositalari bilan bezatilgan "Bilimdonlar maskani"da boshlangan tadbir avvalida ma’rifatparvar bobomiz poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari hamda keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Bayram tantanalari viloyat musiqali drama teatrida tashkil etilgan konsert dasturi bilan davom etdi.
Tadbirning badiiy qismi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilarining chiqishlari bilan yanada fayzli bo‘ldi. San’at ustalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Unda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etdi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA