Sirdaryo viloyati yangiliklari – qisqa satrlarda
Sirdaryo tumani markazida karantin qoidalariga rioya qilingan holda "Prokuror va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlar tomonidan tadbirkorlik, sport, bandlik hamda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tayyorlov kurslarini tashkil qilish masalalarida murojaatlar bildirildi.
Ushbu murojaatlar yuzasidan tegishli mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi va ijrosi qat’iy nazoratga olinishi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan o‘quvchilar fan olimpiyadalarida ayrim hollarda nohaqliklarga yo‘l qo‘yilayotgani bayon qilindi. Prokuror bu masalani tegishli tartibda o‘rganib chiqib, uni adolatli hal qilishga va’da berdi.
Xovoslik dollarfurush yana qo‘lga tushdi

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash (IJQK) Departamenti, davlat xavfsizlik xizmati (DXX) viloyat boshqarmalari va viloyat ichki ishlar boshqarmasi (IIB) Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryad (TVBSO) xodimlari bilan hamkorlikda Xovos tumani hududidan o‘tuvchi A-376 xalqaro avtomagistral yo‘lining M-34 avtoyo‘liga tutashgan qismi, Xovos tumani Jom’e masjidi yaqinidagi chorraxa oldida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Ilimdor Kalonov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) “maxsus xaridor”ga 3 ming 500 AQSH dollarini 36 million 470 ming so‘mga sotgan vaqtida voqea joyida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bu haqda Departamentning viloyat boshqarmasi matbuot bo‘limi xabar berdi.
Muqaddam ham xuddi ana shunday qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, Xovos tumanida yashovchi fuqaro Ilimdor Kalonovdan tezkor-tadbir davomida, guvohlar ishtirokida 3 ming 500 AQSH dollari va 10 million 455 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan IJQK Departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Quyon yurak” qotil haydovchi topildi
Mirzaobod tumani hududida piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan va voqea joyidan qochib ketgan noma’lum avtomashina haydovchisi topilganligi — mashina rusumi «Kobalt» ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning 26 oktyabr kuni soat 20:15 larda Mirzobod tumani hududidan o‘tgan M-34 avtomobil yo‘li 122-kilometri Yangiyer – Toshkent yo‘nalishida noma’lum avtomashina yo‘lni kesib o‘tayotgan 1991 yilda tug‘ilgan piyoda P.A.ni urib yuborib voqea joyidan qochib ketgan. Piyoda P.A. shifoxonada vafot etganligi, holat yuzasidan surishtiruv harakatlari o‘tkazilayotgandi.
Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) axborot xizmatining xabariga ko‘ra, tezkor surishtiruv harakatlari oqibatida voqea joyidan “quyon” bo‘lgan qochoq haydovchi topilgan. Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan hududiy tergov bo‘limlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avto halokat paytida vaqtida “quyon yurak” haydovchi voqea joyidan qochib qolmay, avtomashinasida urib yuborgan piyodani eng yaqin shifoxonaga olib borib birinchi yordam ko‘rsatilganida, ehtimol uning hayoti saqlanib qolingan bo‘larmidi. Ushbu holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zi va o‘zgalar hayotiga e’tiborsizlik – oqibati falokat!
Sirdaryo tumanida tezlikni belgilangan me’yordan oshirgan haydovchi piyodani urib yubordi. Piyoda bir qator tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasining jarrohlik bo‘limiga yotqizildi.
Sirdaryo tumani IIBga tushgan xabarga ko‘ra, shu hududdagi Bahor mahallasi Guliston ko‘chasining 4-kilometrida 1994 yilda tug‘ilgan haydovchi Qo‘ysinboy Bolonov ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ishonchnoma asosida boshqaruvida bo‘lgan “Damas” rusumli avtotransport vositasini boshqarib ketayotgan vaqtida, yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga o‘tayotgan piyoda, 1966 yilda tug‘ilgan U.G.ni avtomashinaning old qismi bilan urib yuborib yo‘l transport hodisasi (YTH) sodir etgan. Haydovchi piyodaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida, zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Holat yuzasidan Sirdaryo tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xalqimiz, yuzda yurma, yuzga kir, deb bejizga aytilmagan. Belgilangan tezlik darajasini me’yordan oshirib, qodalarga amal qilmaslik oqibatida YTH sodir etildi. Avtomashina boshqargan kishi o‘zi va o‘zgalar hayotiga bee’tiborligi halokatga olib kelishi muqarrar.
Huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olinmoqda

“Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va xizmat faoliyatini takomillashtirish” oyligi davomida Sayxunobod tuman Ichki ishlar hodimlari tomonidan voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida xuquqbuzarlik hamda jinoyatlarni oldini olish maqsadida tuman hududida muntazam ravishda turli soxaviy xizmat vakillari bilan hamkorlikda kunduzgi va tungi vaqtlarda xizmat olib borilmoqda.
Ushbu xizmatga 19 nafar profilaktika inspektori, 4 nafar post-patrul xizmati, 2 nafardan jinoyat qidiruv, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish va probatsiya bo‘limlari xodimlari bilan birgalikda muntazam ravishda nazorat ishlari olib borilayotganini alohida ta’kidlash joiz.
Buning samarasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan bir qancha huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olinmoqda.
Jingildan foyda ko‘raman degan “ishbilarmon” jarima to‘laydigan bo‘ldi
Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Xovos tumani inspeksiyasi xodimlari kunduzgi reyd tadbirini o‘tkazish davomida, shu hududdan o‘tuvchi M-34 magistral yo‘li chetida fuqaro Ulashboy Xaltayev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) noqonuniy ravishda Yulgun (Jingil)buta o‘simligini tabiatga zarar yetkazgan holda chopib, o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinaga ortib ketayotgan vaqtda davlat inspektorlari tomonidan to‘xtatildi.
Endi Ulashboy jingildan olishni rejalashtirgan foydasini ustiga ancha-muncha qo‘shib, jarima to‘laydi.
Huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy jarima ja’zosi qo‘llanilib, joyida bayonnoma rasmiylashtirildi.
A.QAYUMOV, O‘zA