Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” uchun o‘tkazilayotgan futbol musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Saralash va yarim final bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ikki kuchli jamoa — Yangiyer shahrining Abdurahmon Jomiy mahallasi hamda Mirzaobod tumanining Bog‘iston mahallasi jamoalari finalda o‘zaro bahslashdi. Abdurahmon Jomiy jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
G‘olib jamoa “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining Respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qiladi.



***
“Sheng Long Yangi Sirdaryo” korxonasiga press-tur tashkil etildi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi “Sheng Long Yangi Sirdaryo” qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Mazkur korxona xitoylik investorlar ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda gips, gipsokarton va boshqa qurilish materiallari xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqariladi.

Press-tur doirasida jurnalistlar ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, mehnat muhofazasi, mahsulot namunalari va sifat nazorati tizimi bilan tanishtirildi. Mahalliylashtirish darajasi va eksportga chiqarilayotgan mahsulotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Korxonada hozirgi kunda 200 nafardan ziyod aholi mehnat qilmoqda. Mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, xorijga ham sotilmoqda.

G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari