Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyatida ekologik nazorat tadbiri chog‘ida 10 nafar fuqaroning atrof-muhitga zarar yetkazgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xabar berdi.
Davlat inspektorlari tomonidan Sirdaryo tumani hududida o‘tkazilgan reyd davomida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 7 million 875 ming so‘mlik jarima qo‘llandi.
Chiqindilar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar asosiy o‘rinni egalladi. 6 nafar fuqaro chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlagani uchun 2 mln 250 ming so‘m, yana 2 nafar fuqaro chiqindilarni yoqqani uchun 750 ming so‘m jarimaga tortildi.
Bundan tashqari, 1 nafar fuqaro daryo muhofaza hududidan ruxsatsiz qum-shag‘al tashigani uchun 3 mln 750 ming so‘m, yana bir fuqaro o‘simlik qoldiqlarini ochiq havoda yoqqani uchun 1 mln 125 ming so‘m jarima to‘ladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan bu kabi reydlar muntazam davom ettiriladi. Huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar qonun oldida javob beradi.
***
Guliston tumanidagi Ibrat va A.Yassaviy mahallalarida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik markazi o‘qituvchilari tomonidan “Ko‘chatchilik”, “Gulchilik” va “Tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish” yo‘nalishlarida 36 soatlik amaliy seminar-trening tashkil etildi. Ushbu tadbir mahallada yashovchi xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, shu orqali ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Seminar davomida ishtirokchilarga ko‘chat va gul yetishtirish, ularni tijoratlashtirish, bozor talablarini o‘rganish, biznes reja tuzish hamda mahsulotni mahalliy va xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari haqida nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Tadbirda Guliston tuman hokimligi oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Xudoyberdiyeva ham ishtirok etib, davlat tomonidan ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar va ularni iqtisodiy faol hayotga jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. U o‘z so‘zida bu kabi loyihalar ayollarning ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirishi va oilaviy farovonlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ayollar o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish, o‘z gul va ko‘chatchilik fermalarini tashkil etish orqali mustaqil daromad manbai yaratish niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Bunday o‘quv-treninglar xotin-qizlar uchun nafaqat yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda, balki ularning o‘z kuchiga ishonchi, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati va oilaviy barqarorlikka bo‘lgan hissasini ham mustahkamlamoqda.
***
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumaniga qarashli "Do‘ngariq" mahalla fuqarolar yig‘ini raisini saylash uchun saylovlar bo‘lib o‘tdi.
Saylov jarayonida bir necha nomzodlar o‘z dasturlari bilan qatnashdi. Ularning har biri mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi takliflari bilan aholini tanishtirdi.
Saylov natijasida Shuhrat Mamatmusayev ko‘pchilik ovoz bilan "Do‘ngariq" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi.
Shuhrat Mamatmusayev saylovoldi dasturida mahallaning infratuzilmasi, ijtimoiy xizmatlar va ish o‘rinlarini ko‘paytirish, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Nomzod o‘z dasturi bilan tanishtirar ekan, u mahalla aholisi bilan ochiq muloqotga kirishdi va ularning taklif va murojaatlarini tingladi.
Eng muhimi, "Do‘ngariq"da o‘tkazilgan saylov jarayoni mahalla aholisining faolligini va ularning jamiyatdagi rolini ko‘rsatdi.
***
5 may – Xalqaro akusherlar kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialida 1-doyalik va 2-doyalik bo‘limlarining doyalari o‘rtasida “Doyalik ishi” yo‘nalishida bellashuv tashkil etildi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar doyalik amaliyotida uchraydigan asoratlar, muammolar va ularning yechimlari, shuningdek, amaldagi tibbiy protokol va standartlar bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Vazirlik talablariga muvofiq mahorat darslari o‘tkazildi, guruh sardorlari esa tezkor savollarga javob berish bo‘yicha bahslashdi.
Har ikki bo‘lim doyalari barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashib, savollarga protokol talablariga muvofiq ravishda javob berishdi. Natijada ballar teng chiqdi va bellashuv do‘stona ruhda yakunlandi.
– Bu kabi bellashuvlar doyalarimizning bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazish, ularni yangi tibbiy protokollar va standartlarga mos ravishda ishni amalga oshirishga yo‘naltirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bellashuvning asosiy maqsadi doyalarimiz o‘rtasida kasbiy saviyani oshirish, amaliyotda uchraydigan muammolarni hal qilishda ularning bilimlarini to‘g‘ri qo‘llashga intilishdir. Ishtirokchilar barcha topshiriqlarni mas’uliyat bilan bajarib, savollarga to‘g‘ri va aniq javob berishdi. Bu tadbir aholining salomatligiga ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega, chunki doyalarimiz har bir holatda aniq va tushunarli qarorlar qabul qila olishlari kerak, – dedi filial bosh doyasi Munavvar To‘xtaboyeva.
***
Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimligi va Mahallalar uyushmasi shahar bo‘limi tashabbusi bilan OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun Vatanparvar mahallasiga press-tur uyushtirildi. Tadbir davomida ishtirokchilar mahallada olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, tomorqadan foydalanish madaniyati, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
20,5 gektar maydonni egallagan, 756 nafar aholi istiqomat qilayotgan va 222 ta xonadondan iborat bo‘lgan “Vatanparvar” mahallasida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Mahallaning namunaviy jihatlaridan biri 25 ta tashabbuskor oila tomonidan qariyb 1 gektar yerni obod qilish va unda bog‘ barpo etishga e’tibor qaratilganidir. Bu yerda 800 tup mevali daraxt o‘stirilgan.
[gallery-23199]
“Vatanparvar” mahallasida yoshlarga alohida e’tibor berilgan. Mahallada yoshlar uchun sport maydonchalari, kutubxona va turli to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, bu ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va foydali mashg‘ulotlarga jalb etilishini ta’minlamoqda. Mahalladagi har bir hovlili xonadonda 10 dan ortiq turdagi mevali daraxtlar, shuningdek, kartoshka, piyoz, pomidor va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari Vatanparvar mahallasida shakllangan mehr-oqibat, jipslik va hamjihatlik muhitini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Mahalladagi obodlik insonlar o‘rtasidagi ijobiy munosabatlar, o‘zaro hurmat va bir-biriga yordam berishlarda ham namoyon bo‘lmoqda.
Ishtirokchilar bu kabi ijobiy amaliyotlarni boshqa hududlarda ham o‘rnak sifatida qo‘llash mumkinligini ta’kidlab, ushbu o‘zgarishlar aholining salomatligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri