Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
"Dolzarb bir oylik" safarbarlik tadbirlari doirasida Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Nasirov boshchiligidagi ishchi guruh Guliston tumanidagi Ahillik mahallasida bo‘ldi.
Tashrif doirasida mahallani obodonlashtirish, eski simyog‘ochlarni zamonaviy beton ustunlarga almashtirish, "Bir mahalla, bir mahsulot" tamoyili asosida aholi tomorqalarida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va sug‘orish tizimi bilan bog‘liq muammolar o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi. Mahallada yashayotgan, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar holidan xabar olinib, ularga Navro‘z va Ramazon bayramlari munosabati bilan oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
***
Xovos tumanidagi "Ismoil" fermer xo‘jaligining dala maydonida 2025 yil hosili uchun chigit ekish jarayoniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda yer qo‘shish, ekish uchun yer tayyorlash, pushta olish va yog‘ingarchilik natijasida maydonlardagi namlikni saqlash masalalari muhokama qilindi. 5500 gektar maydonga g‘o‘zaning xorijiy navlarini joylashtirishga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ko‘rgazmali seminarda Xovos tumani hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etib, fermer xo‘jaliklari va agro klasterlarga vazifalar belgilab berildi.
***
Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni qoplash (qaytarish) borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i D.Bekmurodov OAV vakillarini boshqarma faoliyati bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 489-sonli qarori talablariga asosan Guliston shahrida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan "ChELEBI TEXTILE" MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasining 2025 yil 3 martdagi arizasiga asosan 1 mlrd. 27 mln. so‘m QQSning salbiy farq summasi 24 soat ichida, tekshiruvlarsiz bank hisob raqamiga qaytarib berildi.
[gallery-22409]
Korxona bosh hisobchisi U.O‘sarovning ma’lum qilishicha, korxona 2024 yilda har oyda uzluksiz QQSning salbiy farq summasini qaytarib olgan. Hozir korxonada 870 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. U yuqori reyting ko‘rsatkichiga erishishdagi asosiy omillarni sanab o‘tar ekan, bevosita soliq to‘lovlari va hisobotlarining o‘z vaqtida to‘liq aks ettirilishi muhimligini ta’kidladi.
Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, ishchilarni suhbatga tortdi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari