Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Bosh konsulligi ko‘magi bilan Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Bahodir Botirov Xitoyning BGI kompaniyasi vakillari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Unda Xitoy tajribasi asosida mamlakatimiz iqlimiga mos sholi va boshqa ekinlarning maxsus navlarini yaratish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama etildi. BGI vitse-prezidenti Terens Sionning ta’kidlashicha, kompaniya mutaxassislari tomonidan sholining maxsus navi Guandun va Guansi provinsiyalarida sinovdan o‘tkazilgan. Tajribada yuqori hosildorlik olish bilan birga suv hamda ishchi kuchini tejash borasida ham yaxshi natijalarga erishilgan.
***
Sirdaryoda ilk marotaba ko‘z to‘r pardasida lazer jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Oliy toifali, oftalmolog-shifokor Rasul Karimovning aytishicha, lazer jarrohlik amaliyoti ham, ko‘z sohasida amalga oshirilayotgan boshqa amaliyotlar kabi o‘ta murakkab hisoblanib, ko‘z to‘r parda ko‘chishi, shishasimon tana va to‘r pardaga qon quyilishi kabi holatlarni oldini olishda, nihoyatda qo‘l keladi. Ammo, jarrohlik amaliyotidan so‘ng ko‘zning ko‘rish o‘tkirligi birdaniga yaxshilanmaydi, buning uchun ma’lum bir vaqt buyurilgan dorilardan o‘z vaqtida foydalanib turish, ba’zi bir cheklovlarga ham rioya etish lozim.

***
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boyovut tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.I. fuqarolar S.M. va O.R. ning ishonchiga kirib, ularni 4 000 AQSH dollari evaziga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga kiritib, keyinchalik o‘qishni O‘zbekiston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlarining biriga ko‘chirib berishini aytib 3 900 AQSH dollari va 1,2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

***
Sayxunobod tumanida yoshlar va xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish, aholi o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida tumanning “O‘zbekiston” mahallasida joylashgan “Mumtoz-begim” kutubxonasida “Kitobxon onalar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Tojiboyeva, mahallada istiqomat qiluvchi onaxonlar, xotin-qizlar va kitobxon yoshlar ishtirok etdi.


– Ota-bobolarimiz xonadonlarda Alisher Navoiy, Mashrab, Bedil va ko‘plab alloma bobolarimizning asarlarini saqlab, ularni maroq bilan mutolaa qilgan. Farzandlarimizni bolaligidan, kitobga mehr qo‘yib voyaga yetkazib, komil inson qilib tarbiyalashda onalarning o‘rni beqiyos – dedi N.Tojiboyeva. Tadbir so‘ngida ibratli kitobxon oila bekalariga Oila va xotin-qizlar boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sh.Suyarov, O‘zA.